Vodiy viloyatlaridagi AGTKSHlarning bosqichma-bosqich faoliyatini tiklash choralari ko‘rilmoqda, deya xabar berdi Energetika vazirligi Matbuot xizmati
Natijada hafta oxiriga borib vodiy viloyatlaridagi gaz quvurlarida tabiiy gaz bosimining ko‘tarilib borishi kutilmoqda.
Shu sabab, mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda AGTKSHlari gaz bosimining ko‘tarilishiga qarab, ularning faoliyati bosqichma-bosqich tiklanishi rejalashtirilmoqda.
Yanvar oyidagi anomal sovuq sabab aholi va ijtimoiy soha binolarini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlash maqsadida AGTKSHlar faoliyatiga majburiy cheklovlar kiritilgandi.
Quvurlarda gaz bosimini bir me’yorga keltirish va me’yorni saqlab turish uchun AGTKSHlar qisqa vaqt oralig‘ida reja-grafik asosida faoliyat yuritib boradi, deyiladi xabarda.
2-fevraldan barcha hududlardagi “gaz zapravka"lar faoliyati bosqichma-bosqich tiklanishi ma’lum bo‘lgandi.
Bu hududlar sharoitidan kelib chiqib, mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat asosida amalga oshirilishi qayd etilgan.
Yanvar oyida davlat rahbari energiya resurslari ta’minoti bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda sohalar hamda hudud rahbarlarini tanqid qilgandi. Shuningdek, “gaz zapravkalari"dagi o‘g‘irliklar bo‘yicha tartib o‘rnatilishini belgiladi.
Undan so‘ng, AYoQShlarga yetkazib berilgan AI-80 avtobenzin to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn kuzatib borish imkoni yaratiladi.
Prezident qarori bilan, yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati kuchaytirilishi belgilandi.