Avvalroq Shvetsiyaning “IKEA” kompaniyasi Rossiyadagi biznesini sotmasligini, kompaniya ikki yil ichida mamlakat bozoriga qaytib, do‘konlarini ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Hukumat komissiyasi “IKEA"ning Rossiyadagi uchta zavodini sotish bo‘yicha kelishuvni ma’qulladi, deb yozadi “Izvestiya” gazetasi davlat kotibi, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Viktor Yevtuxovga tayanib.

2022-yil dekabr oyida Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko “IKEA Tixvin” zavodini sotib olish uchun beshta ariza beruvchidan bitta potentsial xaridor aniqlanganligini ma’lum qildi.

Viloyat hukumatining aniqlik kiritishicha, Leningrad viloyatidagi “IKEA Tixvin” zavodi egalari va potentsial xaridorlar o‘rtasidagi muzokaralar hali ham davom etmoqda.

“Hukumat komissiyasi Rossiyadagi uchta “IKEA zavodini sotish boʻyicha kelishuvni 15-fevral kuni maʼqulladi. Xaridorlar ikki yirik mahalliy ishlab chiqaruvchi — “Slotex” (oshxona stollari va fasadlariga ixtisoslashgan) va yogʻoch ishlab chiqaruvchi “Luzales” kompaniyalari edi”, — dedi Yevtuxov.

Ta’kidlanishicha, “IKEA” qoldirgan quvvatlar mamlakatda ishlashda davom etadi, ushbu korxonalar mahsulotlari mahalliy chakana savdo tarmoqlarida sotiladi.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, ishlab chiqarishning ishlashi va rivojlanishi, ish o‘rinlari saqlanib qolishi muhim.

“Yangi mulkdorlar, agar kerak bo‘lsa, Sanoat va savdo vazirligining arsenalida bo‘lgan barcha mumkin bo‘lgan davlat yordamiga ishonishlari mumkin”, dedi Yevtuxov.

“IKEA” 3-mart kuni Ukrainada “harbiy maxsus operatsiya” boshlanganidan keyin Rossiya va Belarusdagi faoliyatini to‘xtatdi.

4-iyul kuni kompaniya qolgan tovarlarni omborlardan xodimlarga oflayn rejimda sotishini e’lon qildi. Keyinchalik, ular sayt orqali hamma uchun savdoni boshladilar.

15-avgust kuni kompaniya Rossiyada yakuniy sotuvni yakunladi va sho‘ba korxonasini tugatishga kirishdi.


Avvaalroq “Spot” Germaniyaning “Volkswagen” kompaniyasi Rossiyadagi aktivlarini sotishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kompaniya Kalugadagi zavodini uchinchi tomonga sotish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda, lekin hali yakuniy qaror qabul qilinmagan.

“Volkswagen” 2022-yilning mart oyidan boshlab Rossiyada ishlab chiqarish va sotuvni to‘xtatgandi.