Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari tomonidan 2022-yil natijalari bo‘yicha hududiy mehnat bozori indeksi (MBI) hisoblab chiqildi.

Mehnat bozori indeksi mehnat bozoridagi holatni baholash va monitoring qilishda yordam beruvchi indeks bo‘lib, mehnat bozorining joriy holatini bevosita aks ettiruvchi 5 ta ko‘rsatkichni o‘z ichiga oladi.

Indeksni hisoblash uchun ishsizlik darajasi, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va rezyumelar soni, mehnat bozoridagi konsentratsiya koeffitsiyenti va o‘rtacha oylik maosh miqdori kabi ko‘rsatkichlardan foydalanildi.

Mehnat bozori indeksini hisoblash natijalariga ko‘ra, hududlar indeks ko‘rsatkichlari yuqori, o‘rta, past va o‘rta past bo‘lgan to‘rtta guruhga bo‘lindi.

2022-yil yakunlariga ko‘ra, indeks ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan guruhga Toshkent shahri, Navoiy va Toshkent viloyatlari kirdi.

Bu hududlarda ishsizlik darajasi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich (8,9%) dan past — Toshkent shahrida 6,5%, Navoiy viloyatida 8%, Toshkent viloyatida 8,8%.

O‘rta guruhga Buxoro, Andijon, Farg’ona, Sirdaryo, Xorazm, Namangan viloyatlari kirdi. Bu hududlardagi o‘rtacha oylik maosh respublika miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichning 80%idan kam emas.

Mehnat taklifi esa nisbatan o‘rtamiyona, ya’ni bitta bo‘sh ish o‘rniga o‘rta hisobda 5,6 ta rezyume to‘g‘ri keladi. Ishsizlik darajasi 9,1%dan oshmaydi.

Jizzax, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston indeks ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hududlar qatoriga kiradi.

Ushbu hududlarda eng yuqori konsentratsiya koeffitsiyenti kuzatildi, ya’ni bitta bo‘sh ish o‘rniga Qoraqalpog‘istonda 17,4 ta, Surxondaryoda 14,1 ta, Jizzax viloyatida 12 ta rezyume to‘g‘ri keladi.

Qashqadaryo viloyatida mehnat bozori indeksi juda past, aniqrog‘i 2,2ni tashkil etdi. Buning asosiy sababi har bir bo‘sh ish o‘rniga 16,8 nafar talabgor to‘g‘ri kelishi, ya’ni bo‘sh ish o‘rinlari soni ish qidirayotganlar sonidan ancha kam va o‘rtacha oylik maosh respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha past ekanligidir.


Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan aholini uy-joy bilan ta’minlash va ipoteka bozorini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar samarasi tahlil qilingandi.