O‘tgan yilda “O‘zsuvta'minot” tizimida qariyb 46 mlrd so‘mlik xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Bu haqda jamiyat axborot xizmati rahbari Akmal Murodov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2022-yil mobaynida 393 ta monitoring va nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, ular davomida 45,7 mlrd so‘mlik xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Aniqlangan kamomad va o‘zlashtirishlar bo‘yicha jami 6,3 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ va tovar-moddiy boyliklar jamiyat hamda uning hududiy korxonalarining hisob-raqamlariga undirilgan.

25,4 mlrd so‘mlik kamomad, o‘zlashtirish va talon-taroj holatlari bo‘yicha jami 117 ta hujjat qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Ichimlik suvi ta’minoti tizimida korrupsiyaviy holatlar to‘g‘risida jamiyatning +998555031055 raqamli ishonch telefoni, anticor@uzsuv.uz elektron pochtasi, @UzsuvAnticorruptionBot telegram boti hamda rasmiy veb-sayti sayti orqali xabar berish mumkin.


Avvalroq “Spot” Farg‘onada elektr energiyasiga 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgan ikkita noqonuniy mayning ferma aniqlangani haqida yozgandi.

Shuningdek, “Turonbank” xodimlari tomonidan bankomat pullarini talon-taroj qilish holati aniqlangni haqida xabar berilgandi.

Ular soxta ma’lumotlar tuzish orqali jami 347,5 mln so‘m va $7,6 ming o‘zlashtirishgan.