Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegaradagi postlardan birida elektron navbat xizmatini yo‘lga qo‘yadi, deb xabar berdi Moliya vazirligining Davlat daromadlari qo‘mitasi.
“CarGoRuqsat” tizimi Davlat daromadlari qo‘mitasi va Chegara xizmati buyurtmasiga asosan Moliya vazirligi huzuridagi Axborot-hisobga olish markazi tomonidan ishlab chiqilgan.
Xizmat yuk tashuvchilari tomonidan Qozog‘iston chegarasidan o‘tish uchun navbatlarni onlayn bron qilish imkonini beradi.
“CarGoRuqsat” 2022-yil noyabridan test rejimida ishlamoqda. Dastlab Qozog‘istonning Xitoy bilan chegarasidagi uchta post — “Do‘stlik”, “Nur-Joli” va “Kaljat” postlarida joriy qilingan. 15-fevraldan bu tizim “Baxta” postida ham ishlay boshladi.
27-fevraldan “CarGoRuqsat” Mang‘istau viloyatidagi “Tajen” postida ishga tushirilishi kutilmoqda. O‘zbekiston tomonidan Qoraqalpog‘istondagi “Daut ota” posti bilan bog‘langan.
Bungacha, 20-fevraldan boshlab tizim Xitoy chegarasidagi “Maykapchag‘ay” postida ishlay boshlaydi. Shuningdek, 22-fevral kuni Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtasidagi o‘tish joyi — “Temirbobo” postida ishga tushiriladi.
Hozir tizimda 84 ming bron qilgan 7,5 mingga yaqin foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Shu bilan birga, avvalroq bir nechta xorijiy kompaniyalar o‘z avtomobillarining davlat raqamlarini o‘zgartirib, bir vaqtning o‘zida bir nechta o‘rinlarni band qilib qo‘yishga uringani qayd etilgan.
Shunningdek, “CarGoRuqsat"da yuzni skanerlash (Face ID) yordamida shaxsni tasdiqlash imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, xorijliklar bank kartasi orqali o‘z shaxsini tasdiqlashi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq, Qozog‘iston bilan chegaradagi “Sirdaryo” va “S.Najimov” nazorat-o‘tkazish punktlarining faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi. Bunga Qozog‘istonning “Qazigurt” va “Atameken” o‘tkazish punktlari rekonstruksiya qilinishi sabab bo‘lgan.