“Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, shahar avtobus yo‘nalishlarida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Xususan, tashuvchilar bilan hisob-kitoblar “bosib o‘tilgan yo‘l” va “sifat” mezonlari asosida amalga oshiriladi hamda yo‘lkira haqini kunlik yig‘ish reja-topshirig‘ini belgilash amaliyoti bekor qilinadi.
Tashuvchilar tomonidan yo‘nalish ko‘rsatkichlari bajarilishini monitoring qilish, bajarilgan ish hajmi va sifatini aniqlash hamda baholash, yo‘lkira haqi to‘lanishini va ko‘rsatilgan xizmatlar sifatini nazorat qilish uchun avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorat tizimi tashkil etiladi.
Shaharlarda avtobus yo‘nalishlarining yangi tarmog‘i joriy etilishi, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi va avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmati bosqichma-bosqich quyidagicha yo‘lga qo‘yiladi:
- 2023-yil 1-martgacha — Toshkent shahrida;
- 2023-yil 1-avgustgacha — Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida;
- 2024-yil 1-iyungacha — Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida.
Yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi bosqichma-bosqich:
- 2023-yil 15-apreldan — Toshkent shahrida;
- 2024-yil 1-yanvardan — Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida;
- 2024-yil 1-iyundan — Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida ishga tushiriladi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 ta 18 metrli va 500 ta 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda 300 ta 12 metrli elektrobuslar hamda Nukus shahri va viloyat markazlari jamoat transporti uchun jami 1000 ta tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslarni xarid qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Avvalroq, davlat rahbari jamoat transporti sohasini takomillashtirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, topshiriqlar bergandi. Xususan, 1-iyulga qadar barcha viloyat markazlarining Transport bosh rejasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, tadbirkorlarga avtobuslar xaridi uchun 10 yilgacha imtiyozli kredit beriladi hamda olib kelingan yangi avtobuslar uchun QQSni bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin bo‘ladi.
Transport vaziri Ilhom Maxkamov Toshkentga yaqin oylarda 300 ta elektrobus olib kelinishi haqida ma’lum qilgandi. Natijada 2025-yilgacha Toshkentda jamoat transportinining atrof-muhitga salbiy ta’sirini 35%ga kamaytirish reja qilingan: