“Toshkent” aeroportining Aviatsiya xavfsizligi nazorati zonasida “CEIA” skanerlari o‘rnatiladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” kompaniyasining boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayevaga tayanib, “Spot” muxbiri xabar bermoqda.
U orqali poyabzallarni yechmasdan yoki suyuqlik bo‘lgan idishlarni ochmasdan, yonuvchan va portlovchi moddalarni, metall buyumlarni aniqlash mumkin bo‘ladi.
“Mazkur qurilmalar dunyo standartlariga javob beradi. U mahsulotlar xavflilik darajasini avtomatik aniqlaydi. Natijada yo‘lovchilar oqimini ikki baravar oshirish imkonini beradi”, — dedi “ITV Soft kompaniyasi ta’sischisi” Jamshid Razzoqov.
Uning ta’kidlashicha ushbu tizim O‘rta Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib Toshkent va Samarqand aeroportlarida ishga tushirilgan.
Jamshid Razzoqovning qo‘shimcha qilishicha, oldinlari bir soat ichids 60−70 yo‘lovchi tekshiruvdan o‘tkazilgan bo‘lsa, hozirgi kunda mazkur tizim bilan bu ko‘rsatkich 180−200 nafarga yetadi.
Aeroportda steril zonaning 2640 kv.m maydonidagi chap qismi rekonstruksiya qilindi. Yangi hududda “Duty Free” do‘koni va “Art Bazaar” savdo pavilyoni ochilgan.
Steril zonada elektron qurilmalarni quvvatlantirish imkoniyatiga ega kovorking burchagi tashkil etildi. Terminalning yana boshqa joylarida ham bu kabi burchaklarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Mart oyining oxirigacha steril zonadagi yana bir blok foydalanishga topshiriladi. Unda kichik mehmonxona, hammom, tahorat olish va namoz o‘qish xonalari hamda “Anjir” biznes zali ishga tushiriladi.
“Bu mutlaqo yangi qurilish bo‘lib, aeroport majmuasini yana 875 kv.m ga kengaytirish imkoniyatini beradi. Natijada xalqaro va transfer yo‘lovchilar uchun qulay sharoit yaratiladi”, — deydi Ra’no Jo‘rayeva.
Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportining qabul qilish terminali oldidagi hududni obodonlashtirish, umumiy maydoni qariyb 1400 kv.m bo‘lgan ikkita kutib olish zonasi — mavjud shiypon o‘rniga birinchi hudud, ikkinchisi uchib ketish va uchib kelish zali o‘rtasidagi P2 avtoturargohida qurish rejalashtirilgan.
Mahalliy va xorijlik mutaxassislar Toshkent aeroportini sanoat va seysmologik qurilish me’yorlarini hisobga olgan holda rekonstruksiya qilish loyihasida ishlamoqda.
Rekonstruksiya jarayonida elektr ta’minoti, issiqlik, suv ta’minoti, kanalizatsiya va ventilyatsiya tarmoqlari almashtiriladi.
Bundan tashqari, ikkinchi ushich-qo‘nish yo‘lagini rekonstruksiya qilish va yoritish moslamalarini o‘rnatish jarayoni yakunlanmoqda. RD-1, RD-2A samolyotlar uchun yurish yo‘laklari va B6 samolyotlar turar joyini rekontruksiya qilish ishlari yakunlanmoqda.
Sakkizta samolyotlar turar joyi va ikkita RD-B, RD-H samolyotlar uchun yurish yo‘laklarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalash ishlari yakunlanib, pudratchi bilan shartnoma tuzilgan.
Samolyotlar uchun 35 ta turar joy shundan, 3ta yangi, 32 ta joyni rekonstruksiya qilishni loyihalash davom etmoqda.
Avvalroq, Toshkent aeroportida yo‘lovchilarni kutib olish uchun bir nechta zonalar tashkil etilishi ma’lum qilingandi.
Yanvarda barcha kutib oluvchilar uchib kelish zallariga kirib, terminal ichida bojxona hududigacha bo‘lgan joyda uchib kelayotgan yo‘lovchilarni kutishlari mumkinligi haqida xabar berilgandi.