Yaponiyaning “Yokogawa electric corporation” kompaniyasi “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi boshqarma va zavodlar faoliyatini raqamlashtirishga qiziqish bildirmoqda. “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, gazni qazib olish, qayta ishlashda mavjud qurilmalardagi to‘xtashlar, o‘lchashdagi xatoliklarning oldini olish va iste’molchilarga sifatli tabiiy gaz, suyultirilgan gaz, neft mahsulotlarini yetkazib berish jarayonlarini raqamlashtirish imkoniyatlar ko‘rib chiqildi.

Bu borada ishlab chiqarish jarayonidagi inson omilini maksimal kamaytiriruvchi nazorat o‘lchov asboblari, sarf o‘lchash asboblari, sanoat gaz analizatorlari bo‘yicha takliflar berilgan.

Taqdim etilgan takliflar “O‘zbekneftgaz” Ishlab chiqarishni texnik tartibga solish hamda Tranformatsiya va operatsion samaradorlikni oshirish departamentlari mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilayotgani qayd etilgan.

Avvalroq, “O‘zbekneftgaz” “Tatneft” kompaniyasidan qo‘shimcha 50 ming tonna avtobenzin xarid qilishi ma’lum bo‘lgandi. Yanvar oyida esa “O‘zbekneftgaz” Rossiyadan AI-80 rusumli avtobenzini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgandi.