Markaziy Osiyoda tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatlarining elektron almashinuvi joriy etiladi, deya xabar bermoqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining matbuot xizmati.
Bu bo‘yicha Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston vakillari hamda Xalqaro savdo palatasi va Xalqaro savdo markazi ekspertlari ishtirokida “Ready4Trade” Markaziy Osiyo loyihasi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomon savdo operatsiyalarini raqamlashtirish va qog‘ozsiz savdo tartibini joriy etish muhimligini qayd etdi.
Bu tashqi savdo tartibidan o‘tishni tezlashtirishga va chegaradan o‘tishni osonlashtirishga hamda savdoni rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida elektron sertifikatlashtirish tizimimini joriy etish tashabbusi transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish va mintaqaviy darajadagi raqamli savdo ekotizimini yaratishga ko‘maklashadi.
Tomonlar o‘zaro savdoda savdo tartib-qoidalarini yengillashtirish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida tovar kelib chiqishini elektron sertifikatlashtirish jarayonida tajribalarni o‘rganish va mavjud kamchiliklarni aniqlash bo‘yicha manfaatdor idoralar vakillari o‘rtasida hamkorlikda ish olib borishga qiziqish bildirdi.
Tovar kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatlarning elektron almashinuvini joriy etishdan maqsad — chegaralarda kelib chiqish sertifikatlarini so‘rash, qayta ishlash, topshirish va qabul qilish samaradorligini oshirishdan iborat.
Bu korxonalar tomonidan chegaradan o‘tish jarayoni va eksport tartib-qoidalariga rioya qilish uchun zarur bo‘lgan vaqtni qisqartiradi va ushbu jarayonlarning xavfsizligini oshiradi.
Bundan tashqari, tizim mazkur hujjatlarni chiqaruvchi organlar va hududiy bojxona ma’muriyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Avvalroq, Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegara punktida elektron navbat tizimini joriy etishi haqida xabar berilgandi.