Jizzax va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVtga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari quriladi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligining matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, bu bo‘yicha “Huaneng renewables Corporation” va “Poly Technologies” kompaniyalar konsorsiumi bilan hamkorlik haqida kelishuv imzolandi.

Kelishuvga asosan ushbu kompaniyalar konsorsiumi tomonidan O‘zbekistonga $2 mlrd miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritiladi.

Mazkur quyosh fotoelektr stansiyalarining ilk quvvatlari joriy yil yakuniga qadar, to‘liq quvvatlarda esa 2024-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Natijada yiliga 5 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 1,3 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilishi ta’kidlangan.

Avvalroq, mamlakatning “CEEC Energy China” kompaniyasi Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida quyosh fotoelektr stansiyalarini qurishi ma’lum bo‘lgandi.


Joriy yilda O‘zbekistonda umumiy quvvati 2910,6 MVt bo‘lgan 7 ta elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.

Xususan, Sirdaryo, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand va Jizzaxda 1 ta IES, 1 ta shamol, 3 ta quyosh va 2 ta GES ishga tushirilib, yagona elektr tarmog‘iga ulanadi.