Avvalroq, “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, Toshkentda ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish belgilangan. Ularni tayyor biznes sifatida tadbirkorlarga berish tartibi ishlab chiqiladi.
Bunda Toshkentda maxsus tashkil etilgan davlat muassasasi yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratgan holda ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilib, ular tadbirkorlarga avtoturargoh profilini o‘zgartirmaslik sharti bilan beriladi.
Ularni o‘z tannarxining 10% miqdorida boshlang‘ich qiymatida elektron onlayn-auksion savdolarga chiqarish imkoniyati taqdim etiladi.
Qurilishni moliyalashtirish respublika va mahalliy budjetlari daromadlar rejasidan orttirib bajarilgan qismidan teng ulushda amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, birinchi bosqichda avtotransportlar oqimi to‘planuvchi manzillarda kamida 4 ta ko‘p qavatli avtoturargohlarni qurish joylari tanlab olinadi.
Avvalroq, Toshkent shahar hokimligi 10 ta markaziy ko‘chada avtomobillar uchun pullik to‘xtash joylarini joriy etish bo‘yicha qaror qabul qilgani haqida xabar berilgandi.