Turoperatorlar O‘zbekistonga sayohatlarga bo‘lgan talabni va tashrif narxini baholadilar, deb xabar bermoqda “Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi”.
Rossiya turoperatorlari 2023-yilda O‘zbekistonga bahorgi turlarga bo‘lgan talabning oshishini qayd etishdi va mamlakat yaqin xorijda eng ko‘p bron qilinadigan yo‘nalishlar TOP-3ligiga kirdi.
Bozor mutaxassislari may ta’tillari qanday bron qilingani, bu davrda mehmonxonalarda o‘rinlar tanqisligi kutilyaptimi yoki bu yil bahorda O‘zbekistonga sayohat qancha turishini aniqlashdi.
Turoperatorlarning jamlangan maʼlumotlariga koʻra, 2023-yil bahorida Oʻzbekistonga turlarga boʻlgan talab oʻtgan mavsumga nisbatan 10−20%ga yuqori.
“Coral Travel” turoperatori ichki bozor direktori Alena Gromovaning soʻzlariga koʻra, sayyohlarning Oʻzbekistonga sayohatga boʻlgan qiziqishini oshirishning asosiy omillari parvozlarning qulayligi va xilma-xilligi, kirishda COVID-19 cheklovlarining yoʻqligi, sayohat paytida xavfsizlik, tovar va xizmatlar uchun qulay narxlar hamda vizalar va til toʻsiqlari yoʻqligi boʻlgan.
Ta’kidlanishicha, sayohatchilarni hatto aviachiptalarning nisbatan yuqori narxi ham toʻxtata olmaydi.
May oyidagi ta’tillar uchun “Uzbekistan Airways” yoki “Utair” bilan uchayotgan boʻlsa, ikki tomonga 35 ming rubldan yoki “Aeroflot” reysini tanlasa 40 ming rubldan toʻlashadi.
Qayd etilishicha, odatda sayyohlar mamlakatda bir hafta bo‘lib, Toshkent, Buxoro va Samarqandga tashrif buyurishadi.
“LEAD GROUP” kompaniyasida 2023-yilgi mavsumda O‘zbekistonga bo‘lgan talab pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichlardan allaqachon oshib ketgan, bahorgi turlar o‘tgan yilning kuzida band etila boshlangan.
Avvalroq “Spot” yanvar oyida Rossiyada O‘zbekistonga turlar narxi bir oyda 1,8%ga o‘sganligi haqida yozgandi.