O‘zbekiston hukumatining Misrga tashrifi davomida Qohirada mamlakatning yirik vazirlik va idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Savdo va sanoat vaziri Ahmad Solih bilan o‘tkazilgan uchrashuvda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ishlar muhokama qilindi.
Tomonlar Port-Said shahrida qo‘shma Sanoat kooperatsiyasi va mahsulotlar tarqatish markazini tashkil qilish, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish va imzolashga kelishib olishdi.
Bunda tashqari, qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini 2023-yilning ikkinchi yarmida Toshkentda o‘tkazish ta’kidlandi.
“Air Cairo” aviakompaniyasi raisi Husayn Sherif bilan suhbatda O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va geografiyasini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Misr tomoni yaqin orada Qohira-Toshkent-Qohira yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, kompaniyaning boshqa yo‘nalishlar bilan bir qatorda Xurgada va Sharm al-Shayxga reyslar sonini haftasiga 14 taga yetkazish istagida ekanini qayd etdi.
2020-yilning kuzida “Air Cairo” Sharm al-Shayx-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar yo‘lga qo‘yilishi haqida e’lon qilgan.
Avvalroq, Misr kompaniyalari O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirayotgani haqida yozgandi.