Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlumotlariga koʻra, yanvar oyida sotilgan yengil avtomobillarning umumiy soni 118 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning dekabriga nisbatan 18%ga o‘sdi.
Avtomobil bozorida sezilarli o‘sish Samarqand (85%), Farg‘ona (44%) va Namangan viloyatlarida (31%) kuzatildi. 2022-yil yanvar oyiga nisbatan yengil avtomobillar savdosi soni deyarli 20%ga oshdi.
Birlamchi va ikkilamchi avtomobil bozoridagi vaziyat
Birlamchi bozorda ro‘yxatdan olingan avtomobillar soni bir oy ichida 71%ga oshdi.
2022-yilning yanvar oyiga nisbatan birlamchi bozorning o‘sishi 5,6%ni tashkil etdi.
Shu bilan birga, yil boshidan buyon mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 23,4 mingtani tashkil etib, 71%ga oshdi (2022-yil yanvar oyiga nisbatan — 2%ga o‘sdi).
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar sotuvi 2022-yil dekabr oyida 75%ga o‘sish bilan 2,5 mingtani tashkil etdi (2022-yil yanvariga nisbatan o‘sish 60%).
Joriy yilning yanvar oyida ikkilamchi bozorda 92 mingta avtomobil sotildi, bu o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan 8,9%ga ko‘pdir. 2022-yil yanvar oyiga nisbatan o‘sish 24%ni tashkil etdi.
Elektromobillar bozori sharhi
Yanvar oyida yengil elektromobillar sotuvi 431 donani tashkil etdi, bu 2022 yil dekabrga nisbatan 3%ga (+13 dona) ko‘proq.
Eng ko‘p elektromobillar Toshkent shahrida — 319 dona, Toshkent — 44 dona va Farg‘ona viloyatlarida — 13 dona sotilgan.
2022-yil yanvar oyiga nisbatan elektromobillarni sotuvi 85%ga (+198 dona) oshdi.
Yengil avtomobillarga bo‘lgan talabning ortib borayotgani elektromobillarining bojxona to‘lovlari, aktsiz solig‘i va avtotransport yig‘imlaridan ozod etilgani bilan bog‘liq.
Xususan, 2021 yildan 2022 yilgacha bozor 3 baravarga, ya’ni 1,7 mingdan 5,9 mingta yengil elektromobillarga o‘sdi.