Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda o‘zbekistonlik frilanserlar 11,8mln.lik daromad topishgan.

Shundan $9,5 mln.i xorijiy platformalardan “SWIFT” orqali kelib tushgan bo‘lsa, $2,3mln.i esa “Payoneer” tizimi orqali o‘tkazilgan.

Ko‘rsatkich 2019-yilgan ($1,6 mln) nisbatan 7,4 barobar ko‘pni tashkil qilgan.

frilanser, o'zbekiston

Hududlar kesimida eng ko‘p daromad topgan frilanserlar Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — $11,4 mln.

Keyingi o‘rinlarda Toshkent ($129 ming), Andijon ($151 ming) va Namangan ($104 ming) viloyatlari egalladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil davomida Sirdaryo viloyatidan frilanserlar daromad olishmagan.

2022-yil avgust oyida O‘zbekistonda frilanserlikni o‘rganishga mo‘ljallangan platforma ishga tushirilgandi.

Bunda myfreelance.uz platformasi orqali soliq to‘lamasdan ishlash va pul topish mumkin bo‘ladi.

Platformaning video kurslar bo‘limida “Upwork”, “Fiverr” va “Envato” frilans birjalarida qanday ro‘yhatdan o‘tish va ish topish usuli o‘rgatiladi.

Dasturlash bo‘limida “Android”, “Frontend” va “Java script” dasturlash tillariga oid ayrim tushunchalar keltirilgan.

Shuningdek, 2D va 3D dizayn va video tahrirlash bo‘yicha video darslar ham mavjud.

Avvalroq 2022-yilda O‘zbekistonda frilanser sifatida ish izlovchilar soni uch barobardan oshgani haqida xabar berilgandi.

Xususan, bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 215%ga oshgan hamda mazkur sezilarli o‘sish “erkin ish” tendensiyasini ko‘rsatgan.

Frilanserlikning jozibador jihatlari haqida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin:

  • moslashuvchan ish jadvali — frilanser sifatida ishlashning asosiy afzalligi;
  • harakatchanlik — ish joyiga qattiq bog‘lanib qolmaslik va “kosmosda erkin harakat qilish”;
  • o‘ziga yoqqan ishni tanlash imkoniyati;
  • o‘z ishi uchun mustaqil ravishda javobgarlikni o‘z zimmasiga olish.

Qayd etilishicha, “erkin ish” kasbiy va shaxsiy o‘sish uchun ko‘plab imkoniyatlar beradi.

O‘zbekistonda IT mutaxassislar (dasturchilar, ishlab chiqaruvchilar va boshqalar) eng ko‘p frilanser sifatida o‘z xizmatlarini taklif qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda esa rassomlar, dizaynerlar hamda savdo menejerlari turibdi.

2022-yilda ish beruvchilar frilanserlarga sohasi, tajribasi va malakasiga qarab 1,5 mln so‘mdan maksimal 20 mln so‘mgacha maosh taklif qilgan.


Avvalroq “Spot” oyiga $1000 gacha topayotgan 17 yoshli andijonlik IT-mutaxassis Muhammadjon Qobuljonov haqida yozgandi.