Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat budjeti daromadlarining 2022-yildagi ijrosi bo‘yicha dastlabki natijalarni e’lon qildi.
Davlat budjeti daromadlari 2022-yilda 202 trln so‘mni tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 37,2 trln so‘m — 22,6%ga oshgan.
O‘tgan yili jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha tushumlar 24,3 trln so‘mni tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 5,4 mrld so‘mga (28,4%) oshdi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha tushumlarning o‘sishiga quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatgan:
- budjet sektorida eng kam ish haqini 2021-yilga nisbatan o‘rtacha 14,7%ga oshirilishi;
- iqtisodiyotning barcha sektorlarida xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondini legallashtirib borilishi.
Natijada 2022 yilda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilari soni 5 mlndan oshib, 2021-yilga nisbatan 215 mingtaga (8%) o‘sgan.
Budjet va nobudjet sektorida faoliyat yurituvchi jismoniy shaxslarning 1,4 mlni (28%) 1 mln so‘mgacha ish haqi olgan bo‘lsa, shundan 1 mlndan ortig‘i nodavlat sektoriga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, ish haqi 1 mln so‘mdan 5,5 mln so‘mgacha bo‘lgan jismoniy shaxslarning budjet va nobudjet sektor ulushi bir biriga yaqin.
Biroq 5,5 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan maoshli ishlarda faoliyat yurituvchilardan xususiy sektor ulushi yuqoriroq — 424 ming.
Avvalroq yanvar oyida soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,3%ga oshgani haqida xabar berilgandi.