Quvaytning “Jazeera Airways” aviakompaniyasi Al-Quvayt va Samarqandni toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar bilan bogʻlaydi, deya xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.
Al-Quvayt — Samarqand — Al-Quvayt yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlar Airbus A320 samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Birinchi parvoz 1-martga mo‘ljallangan bo‘lib, muntazam yoʻlovchi qatnovlari haftasiga ikki marta — chorshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
“Jazeera Airways” Oʻzbekistonga parvozlarni 2021-yilda boshlagan. Al-Quvaytdan Toshkentga muntazam yoʻlovchi qatnovlari haftasiga uch marta — dushanba, seshanba va shanba kunlari, Namanganga — dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.
“Jazeera Airways” Quvaytning ikkinchi milliy aviakompaniyasi boʻlib, 2004-yil aprel oyida asos solingan.
Avvalroq “Spot” 22-fevraldan boshlab Toshkentdan Pekinga aviaqatnovlar sonini oshirilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, Qozog‘istonning “FlyArystan” loukoster aviakompaniyasi Olmaota-Samarqand yo‘nalishidagi reyslarni tiklayotgani haqida xabar berilgandi.