Gruziyaning “500 Georgia” akselerator dasturining 4-to‘lqini uchun arizalar qabuli boshlandi, deya xabar bermoqda “IT Park” matbuot xizmati.
Loyiha tadbirkorlikni rag‘batlantirish, texnologik ekotizimni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro tarmoqlarga ulanish va ishtirok etuvchi jamoalarga investitsiyalarni jalb qilishda yordam berishga qaratilgan.
U Boltiqbo‘yi, Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va qo‘shni mamlakatlarning dastlabki bosqichdagi (pre-seed, seed) va MVP’si bo‘lgan, mentorlik qilishni hamda “500 Global portfolio"ga qo‘shilishni istagan texnologik startaplar uchun mo‘ljallangan.
Dastur startap asoschilari uchun quyidagilarni taklif qiladi:
- 12 hafta davomida maxsus mentorlik va individual dastur;
- tanlangan startaplar uchun aksiyadorlik investitsiyalarini olish imkoniyati;
- transchegaraviy ekspansiyaga tayyorgarlik ko‘rish uchun xalqaro immersion imkoniyati;
- “500 Georgia” asoschilarining global tarmog‘iga, jamoat tadbirlariga, hamkorlarga va boshqalarga kirish imkoni.
Unda ishtirok etish uchun startaplar texnologiyalarga asoslangan yechim taklif qilishlari, sarmoyani tejaydigan biznesga ega va jahon bozoriga chiqish imkoniyatiga, yaxshi jamoaviy tarkib hamda noyob yechim yoki noyob dasturga ega bo‘lishi zarur.
Dasturda ishtirok etish uchun arizalarni 27-fevralgacha havola orqali jo‘natish mumkin.
Loyiha haqida batafsil bu yerda.
“500 Global” boshqaruv ostidagi aktivlari $2,7 mlrd.ga ega venchur kapital firmasi bo‘lib, texnologiya kompaniyalarini barpo etuvchi loyihalarga sarmoya kiritadi. Kompaniya qiymati $1 mlrd.dan ortiq 49 ta kompaniya va qiymati $100 mln.dan ortiq qariyb 150 ta kompaniyani o‘z ichiga oladi.
Avvalroq, “CAT Science Accelerator” startaplar uchun ilmiy akseleratoriga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda ishtirok etish bepul bo‘lib, arizalar qabuli 25-fevralgacha davom etadi.