Shavkat Mirziyoyev tarmoq va sohalarda hamda hududlarda raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor o‘tkazmoqda.

Davlat rahbari sohada amalga oshirilgan ishlar yetarli emasligini, IT xizmatlar eksportini $1 mlrd.gacha oshirish reja qilinganini qayd etdi.

Buning uchun kamida 100 ming nafar malakali dasturchi, IT arxitektorlari, operatorlari va muhandislari kerakligi ta’kidlandi.

Hududlarda yuqori tezlikdagi internet va mutaxassislar uchun shart-sharoitlarni kengaytirish hamda xorijiy IT kompaniyalar ko‘payishi uchun qulay muhit yaratish zarur.

Shuningdek, IT-kasblarga o‘qitish tizimini yaratish kerakligi hamda aholi va tadbirkorlar uchun zarur bo‘lgan kamida 200 ta yangi elektron xizmatlarni ishga tushirish shartligini ko‘rsatib o‘tdi.

Yig‘ilishda raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi. Masalan, vazirliklarning 5 mingta funksiyasidan faqat 30%i raqamlashgan.

Elektr energiyasi iste’molini nazorat qilish va hisobga olish avtomatlashtirilgan tizimining (EHNAT) 160 dan ortiq funksiyasi bo‘lsada, hozirda faqat 1−2 tasidan foydalanilayapti, xolos.

Jumladan, tuman elektr tarmoqlari korxonalari qayerda avariya bo‘lganini faqat aholi murojaati orqali biladi.

Shu kabi masalalar tartibga solinmagani tanqid qilinib, mutasaddilarga EHNAT imkoniyatlarini to‘liq inventarizatsiya qilish, hududlarning elektr balansini shakllantirish topshirildi.

Shuningdek, noqonuniy ulanishlar va avariyalar nazorat qilinib, iste’molni rejalashtirish kabi yo‘nalishlarda ishlatish topshirildi.

Aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ichki ishlar idoralarida 34 ta, adliya idoralarida 32 ta, “O‘zstandart"da 29 ta, sog‘liqni saqlashda 11 ta xizmat elektron shaklga o‘tkazilmagani qayd etildi.

Misol uchun, ishga yoki o‘qishga kirish, haydovchilik guvohnomasini olishda kerak bo‘ladigan “086-shakl” tibbiy ma’lumotnomani olish uchun odamlar har safar poliklinikaga murojaat qilishga majbur.

Yerlarni xususiylashtirish uchun murojaat onlayn beriladi. Ammo kommunal sohadagi ma’lumotlar raqamlashmagani bois, keyingi bosqichlar baribir “qo‘lda” qilinmoqda.

Yiliga 300 mingdan ziyod xaridor yangi mashina sotib oladi. Lekin, ro‘yxatdan o‘tish va davlat raqami olish uchun haligacha yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga borish zarur.

Prezident qolgan vazirliklarda ham raqamlashtirish bo‘yicha hali xalqni rozi qiladigan tizim to‘liq yaratilmaganini ta’kidladi.