Prezident Shavkat Mirziyoyev Misrga rasmiy tashrifining birinchi kuni mamlakat kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Elsewedy Electric”, “El Araby Group”, “Orascom Construction”, “Poliserve Group” kabi kompanilar bilan o‘tgan uchrashuvda o‘zaro investitsiyalarni faollashtirish va savdoni oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Avvalroq, mamlakat kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, qo‘shma loyihalar va ikki tomonlama hamkorlikni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgandi.

O‘zbekiston-Misr biznes forumi natijasida umumiy qiymati $1,6 mlr.lik 20 dan ziyod bitim va shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

“Misr kompaniyalariga mamlakatimizda katta investitsiya dasturlarini birgalikda amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar ochiq”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Misrning yirik sarmoyadorlari O‘zbekistonni Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun ko‘prik sifatida ko‘rishayotganini qayd etdi.

Xususan, “Elsewedy Electric” kompaniyasi shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, transformatorlar, kabel-sim mahsulotlari va qo‘shimcha qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi. Kompaniyaning O‘zbekistonda transformator ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishga qiziqish bildirayotgani avvalroq ma’lum qilingandi.

“Orascom Construction” O‘zbekistonda industrial park yaratgan holda uning hududida lok-bo‘yoq mahsulotlari va qurilish materiallari uchun kimyoviy moddalar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, shuningdek, 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev bildirilgan reja va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston tomonining mutasaddilariga taklif etilgan loyihalar ijrosi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash topshirig‘ini berdi.

Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan kechgan muzokaralarda siyosat, xavfsizlik, savdo va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish hamda madaniy-gumanitar va ta’lim aloqalarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirib turuvchi xususiyatga ega ekanidan kelib chiqib, beshta aniq yo‘nalishda — gaz-kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, zargarlik va farmatsevtika tarmoqlarida hamkorlik qilish choralari belgilab olindi.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori rentabelli qo‘shma ishlab chiqarishlar tashkil etish maqsadida O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish taklif qilindi.

Energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston va Misrni bog‘lab turgan transport yo‘laklarini rivojlantirish choralari ham muhokama qilindi.

Arab tili mutaxassislarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Misr ishbilarmonlari biznes kengashini tuzish taklifi bildirildi.

“Air Cairo” Misrdan O‘zbekistonga haftasiga 14 tagacha reysni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, kompaniya Qohira-Toshkent-Qohira yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini ma’lum qildi.