Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonda maktablarni qurish va ta’mirlashga mablag‘ ajratishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bu bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Islom Taraqqiyot Banki Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi ta’lim sho’basi rahbari Muhammad Mirzai Kahagi, Ta’lim uchun global hamkorlik (GPE) tashkilotining hududiy rahbari Lina Benete hamda UNICEF tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammedzade bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar bankdan ajratilishi rejalashtirilayotgan mablag‘dan foydalanishda asosiy vazifalar hamda rejalarni belgilab olishdi.

Natijada Islom taraqqiyot banki tomonidan ta’mirtalab maktablarda ta’mir ishlarini amalga oshirish, yangi maktablar va sportzallar qurishga mablag‘ ajratilishiga kelishildi.

Shuningdek, GPE tomonidan ham qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi belgilangan.

O‘zbekistonda 10 104 ta maktab mavjud bo‘lib, 5,2 mln o‘quvchi o‘rniga ega. Biroq shunga qaramasdan maktablarda 6,3 mln o‘quvchi tahsil oladi. Ta’mirtalab maktablar soni esa 1250 tani tashkil etadi.

2022-yilning avgust oyida Islom taraqqiyot banki $1,6 mlrdlik loyiha va dasturlarni moliyalashtirishi ma’lum bo‘ldi. Sentabr oyiga borib, bank O‘zbekistonga $207 mln ajratishi xabar qilindi. Mablag‘larning yarmi Surxondaryoda kombinatsion IES qurishga, qolgani esa transport loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, o‘tgan tili OTB maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash loyihasi bo‘yicha qiymati $75 mln.lik maslahat xizmatini ko‘rsatishi haqida xabar berildi.

Dastur mamlakatda 100 ta MTMni sifatli infratuzilma bilan ta’minlashi belgilangan.