“Edusession” loyihasi doirasida “IT sohasida loyihalarni boshqarishda yondashuvlar” mavzusida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Spiker — “Beeline Uzbekistan” axborot texnologiyalari direktori Artyom Kalivanov.

U IT-loyihalarni boshqarishda yondashuvlar, ularning turlari, loyihalar va mahsulotlar o‘rtasidagi farqlar, ko‘p uchraydigan xatolar, shuningdek, nazoratni kuchaytirishni talab qiluvchi boshqaruv sohalari haqida so‘zlab beradi.

Shuningdek, quyidagi mavzularda so‘z yuritiladi:

  • IT-loyiha nima;
  • loyihalarni boshqarishda qanday yondashuvlar mavjud;
  • loyihalarni boshqarishda nimalarga e’tibor berish kerak.

Dastur 27-fevral kuni soat 16:00da rus tilida onlayn o‘tkaziladi.

Unda ishtirok etish bepul bo‘lib, arizalarni 26-fevralgacha havola orqali jo‘natish kerak. Batafsil ma’lumot bu yerda.

Artyom Kalivanov IT-sohasida 20 yildan ortiq va IT loyihalarini boshqarishda 13 yildan ortiq faoliyat yurotgan. Ukraina, Rossiya, Belarus, Vetnam hamda O‘zbekistonda IT-loyihalarni amalga oshirgan.

Shuningdek, AT xizmati ishining auditini o‘tkazish, loyiha ofisini tashkil etish hamda IBMda ishlash bo‘yicha tajribaga ega.


Avvalroq, “IT Park” karyera qurish hamda IT-hamjamiyatiga kirish istagida bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Edusession” dasturini ishga tushirdi.

Undan so‘ng, dastur uchun spikerlardan arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berildi. 17-fevral kuni mazkur loyiha doirasida birinchi uchrashuv o‘tkazilishi ma’lum qilindi.