2023-yilning 13-aprelidan boshlab “Uzbekistan Airways” O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi, deya xabar bermoqda aviakompaniya matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Tokioga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar har hafta payshanba kunlari amalga oshiriladi.

Toshkent-Tokio yo‘nalishidagi aviachiptalar narxi 8,4 mln so‘mdan, Toshkent-Tokio-Toshkent yo‘nalishida esa 14,8 mln so‘mdan boshlanadi.

“Uzbekistan Airways” 2022-yilning 18-avgustidan boshlab Toshkent-Tokio-Toshkent aviaqatnovlar qayta tiklagandi.

Shuningdek, 1-martdan Malayziyaning “Malaysia Airlines” aviakompaniyasi Kuala-Lumpur-Toshkent-Kuala-Lumpur yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni tiklayotgani xabar berilgandi.

Reyslar har o‘n kunda bir marta Airbus A330 samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, 18-martdan Qozog‘istonning “FlyArystan” loukoster aviakompaniyasi Olmaota-Samarqand yo‘nalishidagi reyslarni tiklamoqda.

Reyslar Airbus A320 samolyotlarida haftasiga ikki marta — chorshanba va shanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.


Avvalroq “Spot” “Air Cairo” Misrdan O‘zbekistonga haftasiga 14 tagacha reysni amalga oshirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.