Shavkat Mirziyoyev tarmoq va sohalarda hamda hududlarda raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor o‘tkazdi.

“Spot” yig‘ilishdan muhim topshiriq va vazifalarni bir joyga jamladi.


200 ta yangi elektron xizmat ishga tushiriladi

Davlat rahbari sohada amalga oshirilgan ishlar yetarli emasligini, IT xizmatlar eksportini $1 mlrd.gacha oshirish reja qilinganini qayd etdi.

Buning uchun kamida 100 ming nafar malakali dasturchi, IT arxitektorlari, operatorlari va muhandislari kerakligi ta’kidlandi.

Hududlarda yuqori tezlikdagi internet va mutaxassislar uchun shart-sharoitlarni kengaytirish hamda xorijiy IT-kompaniyalar ko‘payishi uchun qulay muhit yaratish zarur.

Shuningdek, IT-kasblarga o‘qitish tizimini yaratish kerakligi hamda aholi va tadbirkorlar uchun zarur bo‘lgan kamida 200 ta yangi elektron xizmatlarni ishga tushirish shartligini ko‘rsatib o‘tdi.


Toshkentda sinovdan o‘tgan loyihalar barcha viloyatlarda joriy etiladi

IT sohada dasturiy mahsulot ishlab chiqarishda ham, eksportda ham hududlar kesimida nomutanosiblik kuzatilayotgani, asosiy qism Toshkentga to‘g‘ri kelishi qayd etildi.

Salohiyati yuqori bo‘lgan Navoiyda atigi $20 ming, Buxoro va Toshkent viloyatlarida $170 ming.lik eksport bo‘lgan. Qoraqalpog‘iston va Surxondaryoda ham iqtidorli yoshlar ko‘pligi, lekin ularga sharoit yo‘qligi uchun IT xizmatlari rivojlanmayotgani ta’kidlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Namangan, Surxondaryo, Navoiy va Toshkent viloyatida haligacha IT parklar tashkil etilmagani tanqid qilinib, bu boradagi ishlarni jadallashtirishga topshiriq berildi.

Raqamlashtirish bo‘yicha Toshkentda sinovdan o‘tgan loyihalar barcha viloyatlarda joriy qilinishi belgilandi.


Raqamli rivojlanish departamenti Raqamlashtirish vazirligiga o‘tkaziladi

Aholi muammolarini hal qilish jarayonlarini raqamlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Misol uchun, Toshkentda aholi muammolarini hal qilishga qaratilgan portal ishga tushirildi.

Bunda, aholi kommunal, yo‘l, obodonlashtirish va energetika kabi muammolarni telefonda rasmga olib, portalga jo‘natadi.

Mutasaddi idoralar esa, ushbu muammoni hal qilganini “quruq gap” bilan emas, balki oldingi ahvol va kamchilik bartaraf etilgan holatni rasmlari bilan aholiga yuboradi. Natijaga qarab, aholi hokimiyat faoliyatiga baho beradi.

Toshkentning ijobiy tajribasidan foydalanish maqsadida Toshkentning Raqamli rivojlanish departamenti Raqamlashtirish vazirligiga o‘tkazilishi belgilandi. Departament respublikaning barcha hududlarini raqamlashtirishga mas’ul bo‘ladi.


Raqamli tashqi reklama portali ishga tushiriladi

Hududlarni raqamlashtirish uchun moliyaviy manbalarni kengaytirish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Buning uchun “Raqamli tashqi reklama” portalini ishga tushirish, kelgusida tashqi reklamadan tushgan mablag‘larning 20%ini har bir viloyatning o‘zida raqamlashtirishni rivojlantirish uchun qoldirish belgilandi.

Bosh vazirga xorijiy tajribani puxta o‘rganib, namunaviy loyiha asosida Toshkentda 2 ta, viloyat markazlari va yirik shaharlarda 1 tadan ko‘chada zamonaviy tashqi reklama obyektlarini joylashtirishga topshiriq berildi.

Umuman 1-iyunga qadar “Raqamli tashqi reklama” tizimini ishga tushirib, undan faqat Yagona interaktiv portal orqali foydalanish lozimligi ta’kidlandi.


Raqamlashtirish hisobiga iqtisod qilingan mablag‘larning 50%i ITni rivojlantirish uchun qaytariladi

Prezident barcha biznes jarayonlarini hamda aholi uchun eng zarur xizmatlarni to‘liq raqamlashtirib, o‘zaro integratsiya qilish vazifasini qo‘ydi.

O‘tgan yilda maktablar, FHDYO, ichki ishlar idoralari va bog‘chalarning ma’lumot bazalari integratsiya qilingani hisobiga 350 mlrd so‘m iqtisod qilindi.

Sog‘liqni saqlash, sport, kollej va oliygohlar, madaniyat sohalarining ma’lumotlar bazasini to‘liq ishga tushirish va bir-biriga integratsiya qilish orqali kamida 1 trln so‘m mablag‘ni iqtisod qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan buyon raqamlashtirish hisobiga iqtisod qilingan mablag‘larning 50%i ITni rivojlantirish uchun vazirlik va hokimliklarga qaytarib berilishi belgilandi.

Ta’kidlanganidek, Raqamlashtirish vazirligining asosiy vazifasi loyihalarni boshida ko‘rib, ma’qullash emas, ularni ishga tushirishga yordam berish va foydalanishga qabul qilish, dasturlarning kelgusida samarali ishlatilishi va natijadorligini nazorat qilib, vazirliklar va hududlarning reytingini yuritish bo‘ladi.


Yangi avtotransportlarni onlayn davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va raqam berish tizimi joriy etiladi

Raqamlashtirish vazirligiga tegishli vazirlik va hokimliklar bilan birgalikda quyidagi vazifalar belgilab berildi:

  • aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar bo‘yicha 26 ta axborot tizimini Yagona portal bilan birlashtirish;
  • portal orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlarni hozirgi 370 tadan 570 taga yetkazish;
  • yangi avtotransportlarni onlayn davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va raqam berish tizimini joriy qilish;
  • yana 8 turdagi notarial harakatlarni onlayn shaklga o‘tkazish;
  • jami 11 mingga yaqin suv xo‘jaligida suv hisobini yuritishning raqamli tizimini joriy etish;
  • 2 mingdan ziyod meliorativ kuzatuv quduqlarini avtomatlashgan monitoring tizimiga o‘tkazish;
  • barcha tibbiyot muassasalarini lokal tarmoq bilan qamrab olish, ularni kompyuterlar bilan to‘liq jihozlash;
  • tibbiyotni raqamlashtirish bo‘yicha $50 mln.lik loyihani boshlash.

IT-sertifikati bor yoshlarga kompyuter xaridi uchun kredit va subsidiyalar shaxsiy plastik kartaga o‘tkaziladi

Davlat rahbari yoshlarni ITga o‘qitish, ularga ishlashi uchun sharoit va mahsuloti uchun bozor yaratish zarurligini ta’kidladi.

Bu borada 1-apreldan “Elektron hukumat”, “Biznes uchun dastur”, ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mukofot jamg‘armasi $1 mln bo‘lgan respublika tanlovi boshlanadi.

Hokimlarga bunday tanlovlarni viloyat va tumanlarda ko‘proq o‘tkazish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, hududlarda yoshlar yaratgan 50 ta eng yaxshi dastur Raqamlashtirish jamg‘armalari hisobidan sotib olinadi.

1-apreldan boshlab IT-ta'lim markazlari va ularning bitiruvchilari uchun yangi sharoitlar yaratiladi. Jumladan:

  • o‘z bitiruvchilarini IT-xizmatlarni eksport qiluvchi kompaniyalarga ishga joylashtirsa, markazlarga har bir mutaxassis uchun 25 mln so‘mgacha, nogironligi bo‘lgan yoshlarga esa 35 mln so‘mgacha subsidiya beriladi;
  • IT-sertifikati bor yoshlarga kompyuter xaridi uchun 7,5 mln so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit hamda Mahallabay ishlash va Yoshlar agentliklari, Bandlik jamg‘armasi tomonidan berilayotgan subsidiya ularning shaxsiy plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.

Oliygohlarda ayrim yo‘nalishlar uchun yangi dasturiy mahsulotlar joriy etiladi

Olis va chekka hududdagi yoshlarni xorijiy tillarga o‘rgatish uchun alohida telekanal tashkil qilingan. Raqamlashtirish vazirligiga ushbu telekanalda ITga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslari va kamida 30% qiziqarli kontentlarni joylashtirishni ta’minlash topshirildi.

Har bir oliygohning bitiruvchilari o‘z yo‘nalishlaridagi IT-dasturlarda ishlashni o‘rganishi kerak.

Misol uchun, qurilish loyihalari uchun chizmalar chizish, smetalar tuzish, infratuzilmani yaratish ixtisoslashtirilgan dasturlar asosida 1−2 oyda yakuniga yetkazish mumkin.

Shu munosabat bilan Oliy ta’lim va Raqamlashtirish vazirliklariga:

  • qurilish, geologiya, mashinasozlik, transport kabi yo‘nalishlarda muhandis-texnologlarni tayyorlash uchun zamonaviy dasturiy mahsulotlarni o‘rganib, yangi o‘quv yilidan oliygohlarda joriy qilish;
  • IT Park va uning filiallarini bunday oliygohlarga bog‘lab, o‘qituvchi va talabalarni yangi dasturlarda ishlashga o‘rgatish topshirildi.

IT Parkda Raqamli moliya texnologiyalari markazi tashkil etiladi

IT-xizmatlar eksportini yanada oshirish uchun IT Park rezidentlariga xorijiy buyurtmalarni jalb qilishga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratilishi belgilandi.

Misol uchun, 80% buyurtmalar AQSh kompaniyalariga to‘g‘ri kelmoqda. Lekin, Yevropa, Kanada, Yaqin Sharq mamlakatlarida ham juda katta bozor borligi qayd etildi.

Shu bois, parkda xorijiy kompaniyalar uchun “Raqamli moliya texnologiyalari markazi” tashkil etiladi.

Mutasaddilarga bugungi topshiriqlardan kelib chiqib, har bir vazirlik, tarmoq va hudud bo‘yicha oyma-oy vazifalar, aniq rejalar va ta’sirchan nazorat tizimini o‘z ichiga olgan qaror loyihasini kiritish topshirildi.