Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari 2017−2022 yillarda O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni tahlil qildi.

Xususan, mamlakatda investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida yangi “Soliq kodeksi”, “Investitsiya va investitsion faoliyat to‘g‘risida"gi qonun, “Mediatsiya to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi.

Investorlar uchun qulay sharoit yaratish uchun Xalqaro Toshkent arbitraj markazi tashkil etildi hamda “investitsiya krediti”, “investitsiya subsidiyasi” va “investitsion viza” kabi yangi mexanizmlar joriy qilindi.

Mamlakatda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zonalar soni 2017-yil boshida 3 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib, 22 taga yetdi. Shundan 12 tasi sanoat, 6 tasi farmatsevtika, 2 tasi turizm, 2 tasi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan.

Ekspertlar qonunchilikdagi o‘zgarishlar va yaratilgan imkoniyatlar mamlakatdagi investitsiya muhitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlagan.

O‘zbekiston 2019-yilda birinchi marta Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) ning “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni tartibga solish cheklovlari indeksi"ga kiritildi va ushbu indeksga ko‘ra, 2020-yilda jahonda 43-o‘rinni, Osiyo mintaqasida 7-o‘rinni qayd etdi.

2017−2022 yillarda O‘zbekiston xalqaro Iqtisodiy erkinlik indeksi umumiy reytingida o‘z o‘rnini 31 pog‘onaga yaxshilab, 148-o‘rindan 117-o‘ringa ko‘tarildi.

Mamlakatga kiritilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2017-yilda $2,2 mlrd.ni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yil yakunida bu ko‘rsatkich 1,5 barobar ortib, $3,3 mlrd.ga yetdi.

2022-yilning noyabr oyida Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi o‘tkazilib, prezindent keyingi 5 yilda sarmoyalar hajmini $120 mlrd.ga yetkazish, kamida $70 mlrd xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ko‘zlanganini ta’kidlagandi.

Bundan tashqari, Xorijiy investorlar kengashi huzurida doimiy faoliyat yuritadigan Investorlarning huquqini himoya qilish qo‘mitasini tashkil etish taklifi bildirildi.

Shuningdek, davlat rahbari, bank-moliya, IT, konchilik, energetika kabi sohalar rivojiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish xususida ham qayd etdi.

Xorijiy investorlar bilan ishlashni tashkil etishning quyidagi tartibi belgilangan:

  • Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida Sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash ishchi guruhi tashkil etiladi;
  • ishchi guruh Xorijiy investorlar kengashi huzurida faoliyat yuritib, chet ellik sarmoyadorlarni kompleks va tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi;
  • investorni aeroportda kutib olishdan tortib, biznes uchun zarur ruxsatnoma va litsenziyalar berishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni “yagona oyna” tamoyili asosida ko‘rsatadi va boshqalar.

2017−2021 yillarda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 2,7 baravarga oshib, 2022-yil boshida 13,2 mingtaga yetgandi.

Investitsiya kiritayotgan 50 dan ortiq mamlakatdan Xitoy, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va Janubiy Koreya yetakchilik qilmoqda.

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar ulushi asosan iqtisodiyotning sanoat (30,6%) va savdo (28,5%) sohalariga to‘g‘ri keladi.


Avvalroq, PMTI besh yilda O‘zbekistonda turizm sohasi qanday o‘zgarganini tahlil qilgandi.