Sherzodbek Dadaboyev va Bahromjon Urmanov Toshkentdagi oliygohlarda bakalavrni bitirishgach, Koreyadagi “Yeungnam” universitetida biznesni boshqarish yo‘nalishi bo‘yicha magistraturada tahsil olishadi.

Sherzod doktorlik yo‘nalishi uchun Degu shahridagi “Kyungpook” milliy universitetini tanlaydi, professorlik faoliyatini “Yonsei” universitetida davom ettiradi.

Bahromjon esa o‘qishini “Yeungnam” universitetining o‘zida davom ettiradi, so‘ngra ilmiy tadqiqotchi bo‘lib ishlaydi.

Hozirda ular Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Avstriyaning “IMC Krems” amaliy fanlar universiteti hamkorligidagi qo‘shma ta’lim fakultetida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydilar.

Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:



Nima uchun aynan Koreya?

Yosh paytimizda chet elda ta’lim olishga qiziqish juda katta edi. 2009−2013-yilda ingliz tilini o‘rganib, ko‘p davlatlarga borishga harakat qildik. Biz uchun foydali bo‘lgan imkoniyatni aynan Koreya taklif qildi — biz grant asosida o‘qishga taklif qilindik.

Bundan tashqari, Koreyani tanlashimizda u yerdagi sharoitlardan boxabar bo‘lgan tanishlarimizning hissasi katta, deydi Bahromjon Urmanov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, viza olish jarayoni oson kechgan, chunki bunda asosan talabalikga tavsiya etilgan OTM sizni qabul qilgani haqida hujjatni taqdim etish kifoya qilgan.

Koreyada ish haqlari va yashash xarajatlari

Sherzodbek Dadaboyev magistratura va doktoranturada tahsil olish davomida ilmiy rahbariga assistentlik qiladi. Bu unga oyiga o‘rtacha $1000−1200 olib kelgan.

U yerda talabalar o‘qish bilan birga professorlarga yordam berish orqali pul ishlashlari mumkin. Bir o‘zi yashaydigan talaba uchun topgan puli yashash xarajatlariga bemalol yetadi, negaki oila bilan yashaganda oyiga $2000 atrofida mablag‘ sarflanadi, deydi Sherzodbek.

Oliy ta’lim tizimida ishlaydiganlar dastlabki 3 yil davomida $3500 atrofida maosh olishi mumkin. Keyinchalik, tajriba oshishi bilan bu miqdor $6000dan yuqori bo‘lishi mumkin.

Sherzodbek Dadaboyevning PhD-doktorlik diplomini olish tadbiridan lavha. Foto: shaxsiy arxiv

Koreyada O‘zbekistondan farqli o‘laroq, sug‘urtalar majburiydir. Bunga misol tariqasida sog‘liq va avtomobilga to‘lanadigan sug‘urtalarni keltirish mumkin.

Yana bir muhim jihati shuki, u yerda farzandli bo‘lish O‘zbekistonga o‘xshab bepul emas. Mamlakatda farzandli bo‘lish narxi $1000dan $2000gacha boradi.

“Kimlardir uchun Koreya orzudagi davlat bo‘lishi mumkin. Lekin u yerda ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari, xarajatlari bor”, — deydi u.

O‘zbekiston va Koreya ta’lim tizimi

Ta’lim tizimi haqida gap ketar ekan, farqlari ko‘p. Bilasizmi, Koreyani yana bir jihati shundaki, har bir sohada tizim yaxshi rivojlangan, deydi Dadaboyev.

Ular asosan Yaponiya va Yevropadan andoza olib ta’lim tizimini shakllantirgan. Natijada, ularda hozir kadrlar yetishib chiqishi oson va raqobat bor.

“Bu yerda esa tizim endi yo‘lga qo‘yilyapti, bizda qilinadigan ishlar hali yetarli”, — deydi u.

Shulardan biri ta’lim sohasida resurs yetishmasligi, aytaylik bizni dasturimiz ingliz tilida va bunga kerakli kitobni O‘zbekistondan topishning imkoni yo‘q.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Koreyada shunday tizim mavjudki, bu semestrda dars o‘tadigan bo‘lsangiz, o‘sha universitetda kitob sotadigan do‘konlari bo‘ladi.

Kutubxonadan xodim kelib keyingi semestrda siz qanday dars o‘tasiz deb so‘raydi. Kerakli kitoblar haqida aytasiz, ular sizni darsingizga kerakli ktoblarni olib kelib, semestr boshlanguncha tayyor turadi. Bu esa sizga yordam beradi.

“O‘zbekistonda kerakli kitoblarni inglizcha variantlari ham, tarjima variantlari ham yo‘q. Biz ham kitoblarni tarjima qilishimiz kerak”, — ta’kidlaydi Sherzodbek.

Sherzodbek Dadaboyev va Bahromjon Urmanovning Koreya va O‘zbekistondagi ish jarayonidan rasmlar. Foto: shaxsiy arxiv

Mamlakatdan “surish” faqat o‘zbekistonliklarga xos emas

Biz Koreyada yashagan paytimizda asosan Afrika, Vetnam, Uzoq Sharq davlatlaridan do‘stlarimiz ko‘p bo‘lgan. Ularda ham bu oddiy holat.

Biz bilan birga o‘qiganlarning deyarli hammasi qaytib keldi, chunki bunday qaror qabul qilishimizga uzoq yashaganimiz yoki boshqa narsa emas, yetarli darajaga chiqib bo‘lganimiz sabab bo‘ldi, deydi Sherzodbek.

“Ya'ni maqsad doktorlik darajasini olib, fan doktori bo‘lib, o‘sha yerdagi universitetda ishlab biroz tajriba to‘plash bo‘lgan. Biz uchun Koreyaning bundan ortiq taklif qiladigan narsasi qolmadi deb o‘ylayman”.

Yana bir suhbatdoshimiz Bahromjon Urmanov Koreyada 12 yil yashagan. Uning ta’kidlashicha, baribir qaysidir nuqtada yetarli degan fikr paydo bo‘ladi.

“Yana bir jihati O‘zbekistondagi yangiliklarni eshitgandan keyin qaytgimiz kelgan. Shuncha bilim oldik, o‘rgandik O‘zbekistonga qaytib qo‘llash vaqti keldi degan tushuncha bo‘lgan”, — deydi u.

Baribir yoshlarda chet elga bir marta borib kelish istagi bo‘ladi. Boshida “surish kerak” deb o‘ylaydi, lekin har bir joyning toshu tarozisi bor. Bu yerdagi ko‘rgan qiyinchiliklarni qaysidir qismini u yerda ham ko‘rasiz. Sog‘inish paydo bo‘ladi.

“O‘zbekistonga qaytib kelishning asosiy sabablaridan biri ta’limning xususiylashtirlishida ham deb o‘ylayman. Xalqaro tajribalarning qo‘llanilishi ham yaxshilandi”.

Suhbatdoshlarimiz Koreyadan kelganlariga olti oydan oshdi, bu vaqt davomida qaytib kelganlariga zarracha afsus qilmadilar.

Foto: Bahromjon Urmanovning shaxsiy arxividan

Koreyadagi universitetlarda o‘qishni xohlayotganlarga maslahatlar

Sherzodbek Koreyada ta’lim olmoqchi bo‘lganlarga bakalavrni O‘zbekistonda olishni tavsiya qilaman. Ketishdan oldin o‘zimizdan nima maqsadda ketayapman deb so‘rashimiz kerak, deydi u.

Ilm olish maqsadimi demak shunga yarasha universitet tanlash kerak. Koreyada universitetlar ko‘p, ba’zilari sifat uchun e’tibor bersa, ba’zilari son uchun harakat qiladi.

“Shuning uchun ta’lim sifatiga e’tibor beradigan universitetlarni tanlashni tavsiya qilaman. Bunda TOP-300talikga kiradigan oliygohlarga borishni tavsiya qilaman”.

Suhbatdoshlarimiz yoshlar ko‘proq aniq fanlarni o‘qishi kerak degan fikrda. Negaki bu yo‘nalishda katta yutuqlarga erishish mumkin.

“Ular aniq fanlarga qiziqtirilsa, IT, injenering, kimyo texnologiyalarini Koreyada o‘rganib qaytishsa yaxshi bo‘lardi. Chunki Koreya bu sohalarda yetakchi hisoblanadi”, — davom etadi Sherzodbek.

Koreyada e’tibor bersangiz o‘zbeklarning 90%i biznesda o‘qiydi. Lekin Hindiston, Afrika davlatlaridan kelganlar esa qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘qiydi. Pokiston va Hindistonlik talabalar esa deyarli 100%i aniq fanlarda, IT, muhandislikda o‘qishadi.

Bizda ham shu sohalar bor, lekin talabalar qiziqmaydi. Shuningdek, bu yo‘nalishda loyihalar va grantlar ham ko‘p.

Laborotoriyalarda loyihalar ustida ishlaysiz, ham o‘rganasiz, ham $2000gacha pul ishlaysiz. Bu orqali esa nafaqat o‘zingiz, balki oilangizni ham bemalol qoplay olasiz.

Aynan hindistonlik va pokistonlik talabalar shu sohalarda o‘qiydi, labarotoriyalarda ishlashadi va pul topishadi. Keyin bitirishi bilanoq ishga kirib ketishadi. Birgina Koreyada emas, dunyo miqyosidagi kompaniyalarga ishga kirishadi. Koreya aynan shu sohalarda dunyo standartlariga javob beradi.

Foto: Sherzodbek Dadaboyev shaxsiy arxividan

Shuningdek, aniq fanlarda o‘qishni xohlayotgan yoshlar ingliz tilini o‘rganishi kerak, chunki hozirda butun dunyo ma’lumotlar bazasi ushbu tilda yuritiladi. Bu ish topishda ham yordam beradi.

Koreyada hozir shunday imkoniyat yaratildiki, o‘zini talabalari yetarli bo‘lsa ham, aynan aniq fanlardagi tegishli sohalarni PhD qilgan bo‘lsangiz sizga 10 yillik yoki abadiy viza beriladi.

Bahromjon chet elga o‘qishga ketayotganlar diqqat e’tiborini pul ishlashga emas, balki faqat ilm olishga qaratishi kerakligini qayd etdi.

“Bizda ba’zi bir yoshlar chet elga ketgandan keyin ota-onasiga pul jo‘natgisi keladi. Ota-onalar ham to‘y qilishimiz kerak, uy ta’mirlashimiz kerak, avtomobil olamiz deyishadi. Bunaqa narsalardan ota-onalar ozroq voz kechib turishi kerak”, — deydi u.

Birgina misol, hindlarda shunday tushuncha bor, ota-ona yarimta non yeyotgan bo‘lsa ham, och qolsa ham bolasini chet elda o‘qitadi. Farzandi bir kuni yo qaytib boradi Hindistonga, qaytib bormasa ham chet eldagi katta kompaniyalarda ishlaydi. Bu esa katta zahmatning mevasi hisoblanadi.

Suhbat bilan batafsil videoda tanishish mumkin: