Turkiya bilan imtiyozli savdo sohasida hamkorlik qilinadi. Bu bo‘yicha “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim tasdiqlangan. Mazkur bitim o‘tgan yili 29-mart kuni Toshkentda imzolangan.
Hujjat bilan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organlar etib belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari mazkur xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin O‘zbekistonning majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi.
Avvalroq Spot Turkiyadagi zilzila jahon va O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida ekspertlar fikrini taqdim etgandi.
Ta’kidlanishicha, yuzaga kelgan vaziyat dunyoda neft narxining oshishiga ta’sir ko‘rsatgan, bundan tashqari, yuk tashuvlarining cheklanishiga olib keldi.
Aslida, neft narxining oshishiga bir vaqtning o‘zida bir nechta omillarning mos kelishi sabab bo‘lgan, deb yozadi “Bloomberg”.
O‘zbekistonning mamlakat bilan eksport va import hajmi kamayishi hamda mehnat migratsiyasiga ta’sir ko‘rsatishi qayd etilmoqda.
Turkiya O‘zbekistonning eksport bo‘yicha uchinchi, import bo‘yicha beshinchi savdo hamkori hisoblanadi. O‘tgan yili O‘zbekistonning mamlakat bilan tashqi savdo aylanmasi $3,22 mlrd.ni tashkil etgan.
2022-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonda o‘zlashtirilayotgan xorijiy investitsiya va kreditlarning 10%dan ziyodi yoki $700 mlni Turkiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2021-yilda mamlakatning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi $1,2 mlrd.dan oshgan.