2023-yil 1-apreldan 2024-yil 1-maygacha qishloq xo‘jaligida aholi bandligini oshirish bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi. Bu bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, respublika budjetidan paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga ishchilarining ish haqidan to‘langan daromad solig‘ini bir vaqtning o‘zida qaytarib berish tartibi joriy etiladi.
Bunda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan har bir gektar yer uchun oyiga kamida bir nafar ishchining bandligi ta’minlangan bo‘lishi, oylik maosh esa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisobot oyidan keyingi oyning 25 sanasidan keyin to‘liq miqdorda qaytarishning avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqiladi.
2023-yil 1-apreldan tadbirkorlar yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolari, 1-yanvardan keyin foydalanishga topshirilgan binolar bo‘yicha pasaytiruvchi koeffitsientni qo‘llagan holda solish to‘lashadi.
Xususan, uch qavatli binoga — 0,9, to‘rt qavatli binoga — 0,8, besh qavatli binoga — 0,7, olti qavatli binoga — 0,6, yetti va undan yuqori qavatli binoga — 0,5 pasaytiruvchi koeffitsiyenti bilan bino foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘lanishi belgilangan.
Bundan mamlakat shaharlari, Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida joylashgan binolar mustasno.
Unga ko‘ra pasaytiruvchi koeffitsientni qo‘llashda quyidagilar inobatga olinadi:
- mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yordamchi xonalar bilan birga, agar ularning maydoni yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binosining umumiy maydonining 20 foizidan oshmagan bo‘lsa;
- ishlab chiqarish maqsadlarida bino bir nechta xo‘jalik yurituvchi tomonidan birgalikda foydalanilayotgan bo‘lsa.
Avvalroq, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali subsidiya olishlari mumkinligi haqida xabar berilgandi.