2023-yilda “Issiqlik elektr stansiyalari” tomonidan 5 ta investitsiya loyihasi doirasida jami $285,3 mln o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2022-yili ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxi 1,36 trln so‘mga pasaytirilgan. Natijada belgilangan reja 118,3%ga bajarilgan.
Yil oxiriga qadar yoqilg‘i sarfini kamaytirish, operatsion samaradorlikni oshirish, yangi energosamarador texnologiyalarni joriy etish natijasida mahsulot tannarxi 1,2 trln so‘mga pasayishi ta’kidlanmoqda.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 80%i “Issiqlik elektr stansiyalari” korxonasiga to‘g‘ri keladi.
Energosamarador uskunalarning umumiy quvvati 5304 MVtga yetib, issiqlik elektr stansiyalari amaldagi quvvatlarining 50%ini tashkil etmoqda.
O‘tgan olti yil davomida mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun jami $4,6 mlrd. sarflangan bo‘lsa, shundan jalb etilgan tashqi investitsiyalar $2,1 mlrd.ni tashkil etadi.
2022-yilda 6 ta investitsiya loyihasi doirasida $256,3 mln o‘zlashtirilib, belgilangan yillik reja 111,9%ni tashkil etdi.
Hozir Toshkent IEMda har birining quvvati 32 MVtga teng bo‘lgan ikkita gaz turbina qurilmasini qurish va Tolimarjon IESning quvvatini kamida 900 MVtga oshirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
Fevral oyi boshida prezident Toshkentni energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Ular qatorida poytaxtda qayta tiklanuvchi energiya tizimini joriy qilish uchun $1 mlrd yo‘naltirish va 300 kilometr magistral issiqlik tarmoqlarini yangilash kabilar bor.