Avvalroq joriy yilning may oyidan boshlab har yili IT bo‘yicha “President Tech Award” tanlovi o‘tkazilishi va tanlov g‘oliblari jamoatchilik tomonidan maxsus portalda ovoz berish orqali aniqlanishi haqida xabar berilgandi.
“IT Park” direktori Farhod Ibragimovning ma’lum qilishicha may oyida awards.gov.uz platformasi ishga tushirilib, 1-iyulgacha arizalar qabul qilinadi hamda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar loyihalari bilan bepul qatnashishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda “Spot” muxbiri xabar berdi.
“Xorij kompaniyasi bilan muzokara olib boryapmiz. Hamkorimiz bu [tanlovga taqdim etiladigan] loyihalarning qanchalik jamiyatga foydali ekanligini, mukammalligini baholab beradi”, — deydi Farhod Ibragimov.
Shuningdek, “IT Park” rahbari tanlovda nima uchun 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar qatnashishi mumkinligiga ham izoh berdi.
“30 yoshdan oshgan yoshlarimiz uchun O‘zbekistonda venchur fondlaridan, xorijiy va ichki investorlardan mablag‘lar mavjud. Ulardan foydalangan holda loyihalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega. Lekin endi oyoqqa turayotgan yoshlarimizga har doim ham bu imkoniyat bo‘lmaydi”, — deydi u.
Avval ma’lum qilinganidek, “President Tech Award” tanlovi quyidagi 5 ta asosiy yo‘nalishdan iborat:
- sun’iy intellekt texnologiyalari;
- ijtimoiy yo‘nalishda raqamli texnologiyalar;
- axborot va kiberxavfsizlik texnologiyalari;
- tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar;
- kompyuter va mobil o‘yin dasturlari.
Bu yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zbekistonliklar 3−8 kishidan iborat bir jamoa tarkibida qatnashishi mumkin.
“IT Park” rezidenti bo‘lgan tashkilotlarda ishlayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar esa maxsus yo‘nalish bo‘yicha jamoaviy (3−5 kishi) ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
5 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar quyidagicha taqdirlanadi:
- 1-o‘rin uchun — $100 ming;
- 2-o‘rin uchun — $50 ming;
- 3-o‘rin uchun — $30 ming.
Shuningdek, maxsus yo‘nalish bo‘yicha bitta g‘olib jamoa $100 ming bilan mukofotlanadi.
Qo‘shimcha qilinishicha, tanlov doirasida uch kunlik xakaton o‘tkazilib, unda o‘zbekistonlik yoshlar bilan birga “IT Park” rezidentlari ham ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.
Unda qo‘yilgan muammoni birinchi hal qilib bergan jamoa $100 mingga ega bo‘lishi mumkin.