Turkiya sayyohlar orasida juda mashhur joy va tanlovdir. Davlat statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2021-yilda Turkiyaga dam olish uchun uchgan O‘zbekiston fuqarolarining umumiy soni 174 ming kishini tashkil etdi.

“Lactalis Central Asia” kompaniyasining kichik brend menejeri Farangiz Ashurova o‘zining birinchi sayohatiga qanday qaror qilgani, nima uchun agentlik bilan bog‘lanmagani va $1100 nimaga ketgani haqida gapirib berdi.


istanbul, sayohat, shaxsiy tajribaFarangiz Ashurova,

“Lactalis Central Asia” kompaniyasining kichik brend menejeri.

Sayohat qilish har doim mening orzuim bo‘lgan. O‘tgan yozda men 2023-yilni xorijda nishonlashga qaror qildim.

Uzoq tanlov qilishimga to‘g‘ri kelmadi, chunki Turkiya men tashrif buyurishni istagan mamlakatlar ro‘yxatida anchadan buyon birinchi o‘rinni egallab turgan edi.

Shuning uchun, iyul oyida men byudjetni rejalashtirishni boshladim va parvoz, turar joy variantlarini ko‘rib chiqdim.

Istanbulga xolam men bilan birga uchishi kerak edi, biroq ma’lum sabablarga ko‘ra u men bilan keta olmadi. Dugonamda ham, afsuski, shunday bo‘ldi.

Shu tariqa yolg‘iz uchishga majbur bo‘ldim. Ko‘pchilik uchun bu biroz xavotirli tuyulishi mumkin, ammo men o‘zimda qo‘rquv his qilmadim.

Sayohat oldidan Istanbul haqida juda ko‘p ma’lumotlarni o‘qidim, marshrutlarni oldindan tuzdim, xaritalar, navigatorlarni yuklab oldim, gidlarning tavsiyalari bilan tanishdim.

Sentabr oyidan boshlab to‘rt oy ichida safarga pul yig‘dim. Lekin roppa-rosa $1200 ajratishga muvaffaq bo‘lganimga qaramay, har ehtimolga qarshi “Anor Bank"dan 5 mln so‘m miqdorda mikrokredit olib qo‘yishga qaror qildim. Kreditning faqat yarmini sarfladim va ikkinchi yarmini esa qaytishim bilan muddatidan oldin to‘lab, yopdim.

Ko‘pchilik dekabr oyida u yerda sovuq bo‘lishini, bunday paytda Dubayga uchish ancha yaxshi ekanini ta’kidlab, fikrimdan qaytarishga harakat qilishdi. Ammo men qat’iy qaror qilgandim.

Turkiya poytaxtiga borganimda u yerda 10 kun davomida havo harorati 14−15 daraja atrofida edi. Men yengil kurtkada yurdim va derazadan qaraganda bahor kelgandek tuyulardi.

Shunday qilib, Istanbulning go‘zal ko‘chalarida sayr qilib, sharqona lazzatdan bahramand bo‘lib, 2023-yilni kutib oldim.

Nega mustaqil sayohat?

Dastlab aviachipta sotib olish, mehmonxonadan joy band qilish, transferni sayyohlik agentligi orqali amalga oshirishni rejalashtirgandim.

Aeroport shahardan 45 km uzoqlikda bo‘lgani uchun arzonroq va xavfsizroq bo‘ladi deb o‘yladim.

Men dastlab marshrutni o‘zim tuzishni rejalashtirgan edim, chunki qaror qabul qilishda erkinlik, masalan, uzoqroq uxlash yoki aksincha, boshqalardan oldin sayrga chiqish men uchun muhim.

Shuning uchun guruh bilan birga sayohat qilish variantini darhol chiqarib tashladim.

Men bog‘langan agentlikda ikki tomonlama parvoz va 10 kunlik turar joy narxini hisoblab, $1200 bo‘lishini aytishdi. Bu men kutganimdan ancha qimmat bo‘lib chiqdi.

Negaki, oziq-ovqat, shahar ichidagi sayohatlar, diqqatga sazovor joylarga kirish to‘lovlari va esdalik sovg‘alari sotib olish uchun ham byudjet ajratish kerak edi.

Natijada Uzbekistan Airways rasmiy saytidan mustaqil ravishda chiptalar sotib oldim. Bunda qaytarib berilmaydigan chiptalarni tanladim, chunki ular arzonroq edi. 8 kg qo‘l yuki va 50 kg yuk kabi funksiyalarni ham qo‘shdim.

Mehmonxonani Booking.com saytida qidirdim. Menga yulduzlarning soni emas, balki joylashuv va tozalik muhim edi. Mehmonxona baholari va sharhlari bilan tanishib, “Eser Hotel Istanbul"da to‘xtadim.

Maslahat №1. Turar joyni band qilganingizdan so‘ng darhol onlayn-to‘lov qiling. Shunda Booking joy band qilish uchun sizga mehmonxona umumiy narxining kichik foizini to‘laydi. Masalan, menga $30 to‘lab berdi.

Men uchun hammasidan ham omadlisi bu turk lirasining kursi bo‘ldi: bungacha 1 turk lirasi 1200−2000 so‘mga teng bo‘lgan, safarim chog‘ida esa kurs bo‘yicha 600 so‘mga teng edi. Ya’ni, valyuta ikki barobar arzonlashdi.

Barcha xaridlar uchun “Anor Bank"da ochilgan Humo-Mastercard orqali onlayn to‘lov qildim. Unda hisobimda so‘m bor edi, ular to‘lov jarayonida darhol turk lirasiga ayirboshlanardi.

Naqdsiz ko‘rinishda to‘lov qilish haqida tashvishlanmasangiz ham bo‘ladi: deyarli har bir do‘konda, hatto eng kichiklarida ham terminal va kontaktsiz to‘lov usuli mavjud.

Mening yonimda $100 naqd pul ham bor edi — bu 2022-yil 30-dekabrdagi kurs bo‘yicha 1850 turk lirasiga teng edi.

Valyuta ayirboshlashda hech qanday muammo bo‘lmadi, chunki hamma joyda bankomatlar mavjud.

Xarajatlar:

  • Toshkent-Istanbul-Toshkent chiptasi: $420
  • Mehmonxonada yashash (10 kecha): $485

Jami: $905

Transport

Istanbul aeroporti shimolda, shaharning Yevropa qismida joylashgan. U shunchalik kattaki, unda osongina adashib qolishingiz mumkin.

Aeroportga yetib kelganimda Turkcell mobil operatoridan SIM-karta sotib oldim.

Albatta, shaharda siz uni arzonroqqa sotib olishingiz mumkin (taxminan $10 ga), lekin men darhol oila a’zolarim bilan bog‘lanib, muvaffaqiyatli yetib kelganimni aytishim kerak edi.

Endi mehmonxonaga borish vaqti keldi. Menda ikkita variant bor edi: Istanbul aeroportidan shahar markaziga boradigan taksi yoki Havaist tezkor transportida borish.

Havaist — Istanbulning yangi aeroportidan shaharning turli qismlariga transferlarni amalga oshiradigan avtobuslardir.

Bu og‘ir yukingiz bo‘lsa ham, xohlagan joyingizga borishning eng oson, eng tez va nisbatan arzon usullaridan biridir.

Maslahat №2. Tezkor transport marshrutlari vaqti-vaqti bilan yangilanib turadi. Rasmiy sayt yoki transport ilovasi orqali aniqlashtirib olishni maslahat beraman.

Yo‘l haqini bank kartalari yoki naqd pul orqali to‘lash mumkin. Marshrutlar qat’iy tartibga solingan — siz faqat ma’lum bekatlarda chiqishingiz va tushishingiz mumkin.

Havaist’ga chiqib olish uchun aeroportning 2-qavatiga tushish kerak. Shattllarda maxsus bo‘limlar mavjud — u yerga bagajingizni topshirishingiz mumkin.

Har bir bekat uchun transfer har xil xarajat talab etadi. Narxlarni saytdan topish mumkin.

Men shahar markaziga borishim kerak edi, shuning uchun mehmonxonaga yetib borish uchun ushbu transport vositasi tez, qulay va tejamkor imkoniyat edi.

Afsuski, yo‘lga chiqqandan keyin mehmonxonamga boradigan yo‘l qisqargani va to‘sib qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Shunga ko‘ra, transportdan erta tushib qolishga va taksi chaqirishga majbur bo‘ldim.

Istanbulda “Yandex"ga o‘xshash operator — “BiTaxi” mavjud. Undagi sayohat narxi taksometr tomonidan hisoblanadi. Narxi Toshkentdagi “Yandex Go” bilan bir xil.

Shu bilan birga, agar to‘lov karta orqali amalga oshirilsa, u holda haydovchi safarni tugatgandan so‘ng, mijoz ilova orqali to‘lovni tasdiqlashi kerak.

Bu men Istanbulda taksiga o‘tirgan yagona holat edi. Shaharda faqat jamoat transportida harakat qildim yoki piyoda yetib boradigan marshrutlarni tuzdim.

istanbul, sayohat, shaxsiy tajriba

Marshrutlar haqidagi barcha ma’lumotlarni “Moovit” ilovasidan topdim. Unda barcha turdagi jamoat transporti, sayohatlar haqida ma’lumotlar mavjud. Unda siz A nuqtadan B nuqtagacha yetib borish narxini hisoblashingiz mumkin.

Aytgancha, Istanbulda jamoat transporti uchun to‘lov uchun maxsus karta — Istanbulkart mavjud. Siz uni metroga kiraverishda sotib olishingiz mumkin. Kartaning o‘zi 50 lira turadi.

Xarajatlar:

  • SIM-karta sotib olish: $42 (700 lira)
  • Havaist transfer chiptasi: 4 dollar (67 lira).
  • Taksi: $3,5 (58 lira)

Jami: $49,5 / 825 lira

Turar joy va ovqatlanish

Mehmonxona borasida omadim keldi — birinchi kunimda men buyurtma qilgan bo‘sh standart xona yo‘qligi uchun ikki kunga Bosfor bo‘g‘oziga qaragan eng yuqori qavatdagi delyuks xona berildi.

Maslahat № 3. Mehmonxonani shahar markazidan tanlang. Shunda siz barcha mashhur diqqatga sazovor joylarni piyoda sayr qilgan holda ko‘ra olasiz va sayohat xarajatlari sezilarli darajada kamayadi.

Bunda Booking xizmatining o‘zi sizga mehmonxonadan shahar markazigacha bo‘lgan masofasini ko‘rsatadi.

Sayohatdan bir oy oldin xona band qildimgan bo‘lsam-da, narxlarni kuzatishda davom etdim. Misol uchun, yangi yilga 10 kun qolganda xuddi shu xonaning narxi 10 kunlik yashash uchun $1000 ga yetdi. Bu men to‘lagan puldan ikki baravar ko‘p.

Nonushtani mehmonxonada, tushlik va kechki ovqatni esa kafeda qildim. Men tez ovqatlanish mumkin bo‘lgan joylar, fast-fudlarni tanladim: deyarli har kuni “Starbucks"ga kirdim, “KFC”, “McDonald's” va “Burger King"ga bordim, turk milliy muassasalarini ko‘rib chiqdim.

Mashhur turk choyi “bardak” O‘zbekistonda tayyorlanadigan choydan ta’mi jihatidan keskin farq qilishini payqadim. U yerda choy kuchli bo‘lsa-da, achchiq ta’mi yo‘q (kuladi).

Aytgancha, barcha ovqatlanish shoxobchalariga kirishdan oldin menyu bilan tanishishingiz mumkin. Bu ko‘p vaqtni tejaydi.

Men ovqatlanish joylarini marshrutdan chiqib ketmaslik uchun yo‘limda uchraganlarini tanladim. Bu vaqtni tejash, dam olish, telefonimni quvvatlab olish va yo‘limda davom etishga imkon berdi.

10 kun davomida oziq-ovqat uchun taxminan $60 kerak bo‘ldi.

Marshrut

Avval men tashrif buyurishni xohlagan barcha joylarni yozib chiqdim. Ularning soni 40 dan ortiq edi.

Butun marshrut “Google Maps"da rejalashtirilgan edi. U orqali siz yo‘l xaritasini tuzishingiz, eslatmalar qoldirishingiz mumkin.

Shunday qilib, har kuni 20 km ga yaqin masofani piyoda bosib o‘tdim. Va agar piyoda yurmasam ham, avtobuslarda, metroda, metrobuslarda va tramvaylarda harakatlandim.

Maslahat № 4. Barcha diqqatga sazovor joylar ertalab soat 10 da ochiladi. Ammo sayyohlar oqimi ko‘pincha tushlik payti soat 11−12 ga to‘g‘ri keladi. Men sizga muzeylarni ochilgandanoq ziyorat qilishni maslahat beraman. Shunda navbatda turishingizga to‘g‘ri kelmaydi.

Mehmonxonaga qaytgach esa men faqat eng yaqin “Starbucks"gacha bora olardim.

Birinchi kunni mehmonxona yaqinidagi hududda o‘tkazdim. Bu joy Sultanahmet, yoki boshqachasiga, Fatih deb ataladi.

To‘rtta masjidni ziyorat qildim:

  • Rustem Paşa (Rustem Posho masjidi);
  • Yeni Valide Sultan (Yangi masjid);
  • Sultanahmet (Moviy masjid yoki Sultonahmet masjidi);
  • Ayasofya-i Kebir Cami-i Serifi (Aya Sofiya).

Keyin Galata ko‘prigi bo‘ylab yurdim, Gulhane hiyoboniga va Misr bozoriga bordim, Bosfor bo‘ylab aylandim. Qovurilgan kashtanni tatib ko‘rdim, biroq ularning afzalligi va mashhurligini hech tushuna olmadim (kuladi).

Aytgancha, Ayasofyaga kirish bepul.

Shu bilan birga, juma kuni bu yerga faqat juma namozini o‘qishga kelgan musulmonlar kiritiladi. Shuning uchun, agar odam tashqi ko‘rinishidan uning namozga bormayotganini tushunishsa, uni kiritmasliklari mumkin.

Xarajatlar:

  • Masjid uchun ro‘mol: $5,3 (100 lira)
  • Bosfor bo‘g‘ozi bo‘ylab safar: $4 (75 lira)

Jami: $9,3 / 175 lira

Ikkinchi kuni Istanbulning muzeylarga kirish xaritasini sotib oldim. Har qanday sayyoh bu xariddan foyda oladi va uning yordamida muzeylarga navbatsiz kirishi mumkin.

U bir martalik va faqat 5 kun amal qiladi. Siz uni kiraverishdagi istalgan kassada, masalan, muzeyda sotib olishingiz mumkin.

Darvoqe, Turkiyada bu yil milliy valyuta kursi tushib ketgani sababli kirish uchun to‘lov narxi oshib ketdi.

Masalan, Topkapi saroyiga kirish narxi 100 dan 320 ga, Galata minorasi esa 100 dan 175 turk lirasiga ko‘tarilgan.

Muzey kartasining o‘zi esa ikki baravar qimmatlashgan. Shunga qaramay, u muzeyga tashrif buyurish uchun pulingizni tejaydi.

U orqali qayerlarga kirish mumkin:

  • Topkapi saroyiga. Oddiy chipta narxi: 320 lira;
  • Topkapi saroyining harami. Chipta narxi: 150 lira;
  • Arxeologiya muzeyi. Chipta narxi: 100 lira;
  • Avliyo Iren cherkovi. Chipta narxi: 120 lira;
  • mozaikalar muzeyi. Chipta narxi: 60 lira;
  • Galata minorasi. Chipta narxi: 175 lira;
  • Galata Mavleviy darveshlar monastiri uy-muzeyi. Chipta narxi: 50 lira;
  • Islom fan va texnologiya tarixi muzeyi: Chipta narxi: 50 lira;
  • Turk va islom san’ati muzeyi. Chipta narxi: 100 lira;
  • Rumiliya qal’asi. Chipta narxi: 50 lira.

Xuddi shu kuni Dolmabaxche saroyiga bordim va qizil tramvay izlab Taksim maydoniga va Istanbulning eng mashhur piyodalar ko‘chalaridan biri — Istiqlol tomon sayr qildim.

Dastlabki kunlarda odamlardan meni suratga olishni so‘rashga uyaldim. Lekin keyin ko‘nikib, atrofimdagilarga diqqat bilan qaray boshladim. Qozog‘iston va Hindistondan kelgan qizlar bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldim.

Xarajatlar:

  • Istanbul muzey kartasi: $37 (700 lira)
  • Dolmabahche saroyi: $16 (300 lira)
  • Istanbulkart: $11,5 (220 lira)

Jami: $64,5 / 1220 lira.

istanbul, sayohat, shaxsiy tajriba

Uchinchi kuni Balat tumaniga bordim. Bu yerda siz rang-barang uylar, zamonaviy kafelar, galereyalar va an’anaviy do‘konlarni topishingiz mumkin. Xuddi shu kuni men uchta cherkovga tashrif buyurdim:

  • Xora monastiri;
  • Blaxernalik Muqaddas Maryam cherkovi;
  • Avliyo Stefan cherkovi.

Qaytishda bozorda sayr qildim.

Xarajatlar:

  • Bozor: $7,1 (134 lira)

To‘rtinchi kuni 1806-yildan beri mavjud bo‘lgan Sikerci Cafe Erol shokolad do‘koniga borish uchun Kadikoy hududiga bordim.

Kunning qolgan qismini shaharni o‘rganishga bag‘ishladim: ko‘chalar va mashhur joylar bo‘ylab sayr qildim, Moda Sahil qirg‘oqbo‘yi bog‘ini aylandim, bir nechta qandolatchilik do‘konlari va kafelarni ko‘rib chiqdim.

Men shahar bozorlaridan biriga, shuningdek, vafli uchun “Kemal Usta Waffles“ga va keyin “Burger King"ga (aytishim kerakki, menga umuman yoqmadi) kirdim.

Xarajatlar:

  • Sikerci Cafe Erol: $14,5 (274 lira)

Beshinchi kun muzeylarga tashrif buyurishga bag‘ishlandi:

  • Istanbul arxeologiya muzeyi;
  • Islom fan va texnika tarixi muzeyi;
  • Katta mozaika saroyi muzeyi;
  • Turk va islom san’ati muzeyi.

Muzeylardan tashqari, Konstantinopoldagi eng qadimgi cherkovlardan biri — Avliyo Iren cherkoviga va Topkapi saroyiga tashrif buyurdim.

Oltinchi kun Usmonli imperiyasining yozgi qarorgohi, Beylerbeyi saroyiga sayohat (kirish uchun muzey kartasidan tashqari to‘lov qilinadi) qildim, Istanbuldagi katta shahar xiyoboni — Fethi Poshoda sayr qildim va shahar ramzlaridan biri Kiz Kulesi’ga bordim.

Yo‘l-yo‘lakay ikki masjid — Shokirin va Mehrimah Sultonga kirmasdan o‘ta olmadim.

Xarajatlar:

  • Beylerbeyi saroyi: $7 (130 lira)

Bozorlar va xaridlar

Yettinchi va sakkizinchi kunlari shopping uchun sayrga chiqdim: avval savdo markaziga, keyin sovg‘alar uchun bozorlarga.

Bu yerda biror narsa xarid qilishdan o‘zingizni tiyish juda qiyin. Umuman olganda, men kiyim-kechak sotib olishga $300 sarfladim, lekin ularni xarajat deb hisoblamayman, chunki bu narsalarga Toshkentda ham mablag‘ ajratgan bo‘lardim.

Misr bozorida bo‘ldim, u yerda turli xil quritilgan mevalar, pastilalar, lokum, paxlava va boshqa shirinliklar, choy turlari, shuningdek, turli sovunlar, suvenirlar va boshqa narsalar to‘plangan.

Bozorda barcha narxlar yozib qo‘yilgan, shuning uchun sizga kimdir qimmatroq narxda biror narsa sotishidan xavotirlanmasangiz ham bo‘ladi. Bundan tashqari, siz savdolashishingiz ham mumkin.

Shunday qilib, menga 15 kishilik sovg‘alar uchun taxminan $100 kerak bo‘ldi, lekin men ularni xarajatlar qatoriga qo‘shmayman, chunki bu har kimning shaxsiy tanlovi va narx har doim har xil bo‘lishi mumkin.

Rejalar. Endi men Gruziyaga sayohat qilishni rejalashtirayapman. Men hozirdanoq variantlarni ko‘rib chiqayapman, marshrutlarni tuzishni va kelajakdagi sayohat uchun pul tejashni boshlayman.