30 tadan ortiq kasanachilarni jalb qilgan tadbirkorlarga ayrim yengilliklar beriladi
1-martdan 2026-yilgacha 3 oydan ko‘p 30 tadan ortiq kasanachilarni jalb qilgan va u asosida ishlab chiqargan mahsulotlardan olgan daromadi jami daromadining 60%idan ko‘pni tashkil etgan tadbirkorlar uchun:
- foyda va aylanmadan olinadigan soliqning soliq bazasi 50%ga kamaytirilib hisoblanadi;
- ayrim davlat mulklaridan foydalanganlik uchun ijara to‘lovi 50% miqdorda belgilanadi;
- davlat xaridlari doirasida tuziladigan shartnomalarda buyurtmachilar tomonidan 50% oldindan to‘lov amalga oshiriladi.
“Usta-shogird” maktablar o‘quvchilari ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan tartibda to‘laydi.
Kam ta’minlangan oilalarga bolalar puli va moddiy yordam berishda ularning kasanachilik yoki qishloq xo‘jaligiga mavsumiy jalb qilingan 6 oygacha bo‘lgan davrda olgan daromadlari inobatga olinmaydi.
Shuningdek, kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, 1-martdan Jamg‘arma hisobidan tadbirkorlarga har bir kasanachining dastlabki 3 oy davomidagi faoliyati uchun 1 oylik daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.
Yuridik shaxslarga Yagona portal orqali tijorat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi
Soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor tekshiruvlari va auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi.
Bundan tashqari, barcha yuridik shaxslarga Yagona portal orqali tijorat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bir shartnoma summasi BHMning 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan davlat xaridlari bo‘yicha buyurtmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida bajarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2022-yilning noyabr oyida “Korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, 1-martdan boshlab unitar korxona yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat shaklida yuridik shaxs tashkil etish to‘xtatilishi belgilangan.
Avtohalokatlar IIV xodimlari ishtirokisiz onlayn tarzda rasmiylashtiriladi
Kichik avtohalokatlarni IIV yo‘l politsiyasi xodimlari ishtirokisiz onlayn tarzda rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, baxtsiz hodisa haqida xabar yuborish uchun maxsus mobil ilova ishga tushiriladi.
Tamaki mahsulotlari aylanmasi bo‘yicha ma’lumotlar markirovkalash tizimiga kiritiladi
“Alkogol va tamaki mahsulotlarini aksiz markalari bilan markirovkalash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hukumat qarori bilan 2023-yil 1-martdan boshqa turdagi tamaki mahsulotlari aylanmasi bo‘yicha barcha harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar markirovkalash axborot tizimiga kiritiladi.
“Yashil energiya” bank moliya produkti joriy etiladi
1-martdan yagona elektr energetika tizimiga ulanish uchun berilgan texnik shartlarda ko‘rsatilgan quvvatdan yuqori bo‘lmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda qo‘shimcha texnik shart olish talab etilmaydi.
Shuningdek, Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan 1-martdan “yashil energiya” bank moliya produkti amalga kiritiladi.
Energetika sohasida nazorat tadbirlarini amalga oshirishda tafovutlarni aniqlash maqsadida “O‘zenergoinspeksiya"da yoqilg‘i-energiya resurslari iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.
Bunda “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgazta'minot”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “O‘ztransgaz"larning elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarida amalga oshirilishi belgilangan.
Qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi
Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etiladi.
Milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi
Olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarini o‘tkazish tizimi joriy qilinadi. Bunda quyidagicha belgilangan:
- 1-bosqichda — tuman (shahar) musobaqalari;
- 2-bosqichda — viloyat musobaqalari;
- 3-bosqichda — respublika (final) musobaqalari.
Tadbirkorlar soliq qarzini foizlarsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi
Tadbirkorlarning 2023-yil 1-yanvarga nisbatan 1-fevral holatiga oshgan soliq qarzini 1-martdan 1-iyulgacha foizlarsiz, qo‘shimcha shartlar qo‘ymasdan va ta’minot talab etmasdan teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Yangi yo‘nalishlarda mahalliy aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
Martdan boshlab, Samarqand-Nukus, Samarqand-Mo‘ynoq, Samarqand-Termiz, Buxoro-Termiz, Namangan-Termiz va Namangan-Nukus kabi yangi yo‘nalishlarda muntazam aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
Shuningdek, Shahrisabz va Sariosiyo aeroportlariga aviaqatnovlar tiklanib, Zomin aeroportiga ham parvozlar yo‘lga qo‘yiladi.
Aviaqatnovlar jadvalini yo‘lovchilar uchun qulay bo‘lgan temir yo‘l, avtobus va mikroavtobus yo‘nalishlari bilan integratsiyalash orqali yagona logistika tizimini yaratish choralari ko‘riladi.