Prezidentning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-iyungacha nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilarga berilgan imtiyozlarning yagona ro‘yxati shakllantiriladi. Mazkur ro‘yxat Advice.uz huquqiy portaliga joylashtiriladi.

Unga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan “Maxsus pedagogika, defektologiya” yo‘nalishida magistratura uchun to‘liq davlat granti beriladi.

Shuningdek, 2023/2024 o‘quv yilida:

  • abituriyentlar uchun mo‘ljallangan qabul tartibiga oid ma’lumotlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatda bo‘ladi;
  • bunda videoroliklar surdotarjima yoki subtitrlar bilan namoyish etiladi.

Shu bilan birga, o‘qiyotgan nogironligi bo‘lgan talabalarga ta’lim jarayonida ko‘maklashish uchun uning yaqinlaridan biriga OTMda yonida birga bo‘lish uchun sharoit yaratiladi.

Joriy yilda Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlari robotlashtirilgan lokomat majmuasi va boshqa zamonaviy reabilitatsiya uskunalari bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.


Avvalroq “Spot” Toshkent va Nukusda nogironligi bo‘lganlarni kasb-hunarga o‘rgatuvchi markaz tashkil etilishi haqida yozgandi.