“Soliq” ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar uchun keshbek olishda portret (Face ID) bo‘yicha identifikatsiya qilish talab qilinadi, deya xabar bermoqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.
Ilgari 500 ming so‘mdan ortiq mablag‘ni hisobga o‘tkazish uchun faqat fotosurat yordamida shaxsni tasdiqlash talab qilinardi. Endi bu shart har qanday bonus miqdori uchun amal qiladi.
Xizmat shaxsiy hisobning Face ID bo‘limida mavjud. Buni amalga oshirish uchun shaxsiy identifikatsiya raqamini (PINFL) kiritish, keyin selfi olish va uni tasdiqlash uchun yuborish kerak.
Prezident qaroriga asosan 2022-yil boshidan chek summasining 1%i miqdorida keshbek joriy qilingandi.
Yanvar oyida qariyb 2 mln nafar iste’molchiga 97 mlrd soʻm keshbek hisoblangan boʻlib, ayni paytda 1,7 mln nafarga yaqin iste’molchiga 65,1 mlrd so‘m to‘lab berildi. Bu haqda Davlat soliq qoʻmitasi xabar berdi.
Dekabr oyida esa 1 mln nafardan ortiq iste’molchiga 63,1 mlrd so‘m to‘langandi.
Soliq mobil ilovasi orqali aholiga to‘langan jami keshbeklar 890 mlrd so‘mdan oshdi.
Qanday cheklarga keshbek qaytarilmaydi
Davlat soliq qo‘mitasi qanday cheklarga keshbek qaytarilmasligi haqida ma’lumot bergan edi.
Quyidagi hollarda keshbek hisoblanmaydi:
- agar chek berilganiga 10 kundan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa;
- sotib olingan tovar (xizmat)lar cheki uchun avval keshbek hisoblangan bo‘lsa.
Avtomobil, havo va temir yo‘l chiptalari, shuningdek, aloqa va kommunal xizmatlar uchun amalga oshirilgan to‘lov cheklari uchun ham keshbek qaytarilmaydi.
Shu bilan birga shubhali xaridorlar reestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazganda ham keshbek taqdim etilmaydi.
QR-kod orqali qanday qilib keshbekka ega boʻlish yoʻriqnomasi bilan bu yerda tanishish mumkin.