Avvalroq “Spot” “Soliq” ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar uchun keshbek olishda portret (Face ID) bo‘yicha identifikatsiya qilish talab qilinishi haqida yozgandi.
Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati Face ID xizmati nega kerakligi va u qanday maqsadda ishlatilishi bo‘yicha tushuntirish berdi.
Qayd etilishicha, qonunga muvofiq, soliq organlari “Soliq” mobil ilovasida fiskal cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazgan shaxsdan shaxsiy identifikatsiyadan o‘tishni talab qilishga haqli hisoblanadi.
Shunday qilib, “Soliq” mobil ilovasida tasdiqlangan naqd pul mablag‘larini bank kartasiga o‘tkazishda foydalanuvchilar Face ID orqali o‘tishlari kerak.
Face ID tizimi foydalanuvchilarning xavfsizligini taʼminlash, ularning shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilish va boshqalar tomonidan pul mablagʻlarini oʻzlashtirish kabi salbiy holatlar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida joriy etilgan.
“Masalan, ijtimoiy tarmoqlardagi soxta akkauntlardan foydalanib, birovning naqd pulini o‘zlashtirib olish maqsadida foydalanuvchining telefon raqamiga SMS-kod yuborilishi so‘ralgan holatlar ko‘p”, — deyiladi Davlat soliq qo‘mitasi xabarida.
Ta’kidlanishicha, Face ID tizimi ana shunday salbiy holatlarga qarshi kurashda foydali vosita hisoblanadi.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, hozirgacha mobil ilovadan foydalanuvchilar soni 2 mlndan ortiq, Face ID orqali 1 mln 900 mingdan ortiq kishi avtorizatsiya qilingan.
Avvalroq yanvar oyida qariyb 2 mln nafar iste’molchiga 97 mlrd soʻm keshbek hisoblangan boʻlib, ayni paytda 1,7 mln nafarga yaqin iste’molchiga 65,1 mlrd so‘m to‘lab berilgani haqida xabar berilgandi.
Dekabr oyida esa 1 mln nafardan ortiq iste’molchiga 63,1 mlrd so‘m to‘langandi.
Soliq mobil ilovasi orqali aholiga to‘langan jami keshbeklar 890 mlrd so‘mdan oshdi.
Qanday cheklarga keshbek qaytarilmaydi
Davlat soliq qo‘mitasi qanday cheklarga keshbek qaytarilmasligi haqida ma’lumot bergan edi.
Quyidagi hollarda keshbek hisoblanmaydi:
- agar chek berilganiga 10 kundan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa;
- sotib olingan tovar (xizmat)lar cheki uchun avval keshbek hisoblangan bo‘lsa.
Avtomobil, havo va temir yo‘l chiptalari, shuningdek, aloqa va kommunal xizmatlar uchun amalga oshirilgan to‘lov cheklari uchun ham keshbek qaytarilmaydi.
Shu bilan birga shubhali xaridorlar reestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazganda ham keshbek taqdim etilmaydi.
QR-kod orqali qanday qilib keshbekka ega boʻlish yoʻriqnomasi bilan bu yerda tanishish mumkin.