21-fevraldan Polsha Belarus bilan chegaradagi Kukuriki-Kozlovichi chegara nazorat o‘tkazish punkti orqali barcha yuk avtotransport vositalari harakatlanishi ikki tomonlama vaqtincha noma’lum muddatga to‘xtatdi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha Polsha Ichki ishlar vazirligining tegishli qarori qabul qilingan. Bunda Yevropa Ittifoqiga va Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasiga a’zo mamlakatlarda ro‘yxatga olingan yuk avtotransport vositalari mustasno.

Natijada mazkur chegara nazorat o‘tkazish punktida xorijiy mamlakatlar yuk tashuvchilarining transport vositalari to‘planib qoldi.

Shu sabab vazirlik o‘zbekistonlik tashuvchilardan Yevropa mamlakatlariga yuk tashuvlarini amalga oshirishda mazkur holatni inobatga olishlarini so‘ramoqda.

Qayd etilishicha, o‘zbekistonlik tashuvchilari yuk transport vositalarini Litva chegara nazorat o‘tkazish punktlari orqali to‘siqlarsiz harakatlanishini ta’minlash bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Yevropa davlatlariga yuk tashuvlarini amalga oshirayotgan milliy tashuvchilarda mazkur vaziyat yuzasidan savollar tug‘ilganda +998 71 202 05 01 (114) yoki +998 97 709 16 00 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari so‘ralmoqda.


Avvalroq Qozog‘iston bilan chegaradagi “Sirdaryo” va “S.Najimov” nazorat-o‘tkazish punktlarining faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi.