“Uzbekistan Airports” kompaniyasi bilan O‘zbekiston Aviatsiya sohasi xodimlari kasaba uyushmalari Respublika kengashi o‘rtasida 2023−2025 yillarga mo‘ljallangan tarmoq bitimi imzolandi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.
Unga ko‘ra, kasaba uyushmasining yangi modeli yaratilmoqda va bu orqali boshqaruv kompaniyasi va uning barcha tarkibiy bo‘linmalari — aeroportlar, UzPort, UzCargo, SilkAvia sho’ba korxonalari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash belgilanmoqda.
Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, “Uzbekistan Airports"da xodimlarning kasaba uyushma badallarini aniq dasturlar uchun taqsimlovchi maxsus komissiya tuziladi.
Kasaba uyushmasi ko‘magida ipoteka jamg‘armasi tashkil etilib, kompaniya daromadlari uy-joy muammosini hal qilishga imkon bermaydigan, og‘ir ahvolda va uy-joyga ehtiyoji bo‘lgan xodimlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi.
Bundan tashqari, xodimlarning sog‘lig‘ini qo‘llab-quvvatlash, kasalxonaga yotqizish bilan bog‘liq og‘ir kasalliklarni davolash uchun moddiy yordam ajratilishi ta’minlanadi.
Shuningdek, kompaniya xodimlarini madaniy va sport sohasida qo‘llab-quvvatlash — “team building” tashkil etish, sport musobaqalari, madaniy tadbirlarni tashkil etish, xodimlarning farzandlari uchun sovg‘alar va bolalar oromgohlariga yo‘llanmalar olish uchun mablag‘ ajratiladi.
“2022-yilda boshqaruv kompaniyasining o‘zida va uning barcha tarkibiy bo‘linmalarida 626 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Aviatsiya — bu alohida soha, bu yerda tayyor kadrlar deyarli yo‘q. Shu sabab, yondashuvimiz — xatto tajribasiz, maxsus ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimni olib, uni „o‘qitish“. Bunda, tajribalarini yosh xodimlar bilan o‘rtoqlashayotgan xorijlik mutaxassislar yordam bermoqda”, — deydi “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.
Avvalroq, “Toshkent” xalqaro aeroportida bir qator yangi xizmatlar ishga tushirildi. Shuningdek, aeroportining Aviatsiya xavfsizligi nazorati zonasida “CEIA” skanerlari o‘rnatilishi ma’lum qilindi.
U orqali poyabzallarni yechmasdan yoki suyuqlik bo‘lgan idishlarni ochmasdan, yonuvchan va portlovchi moddalar, metall buyumlarni aniqlash mumkin bo‘ladi.