Yevgeniya Son,
auditor, Yaran Consulting buxgalterlik kompaniyasi hammuassisi.
Kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish an’anaviy ravishda huquq va buxgalteriya firmalari tomonidan amalga oshiriladi. Biroq, endi ushbu protsedura sezilarli darajada soddalashtirildi va siz kompaniyani o‘zingiz ro‘yxatdan o‘tkazishingiz mumkin.
Biz 2010-yildan beri kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishga yordam beramiz. Ro‘yxatga olish tez va to‘g‘ri o‘tishi va tadbirkorlikni endi boshlayotganlarga qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqarmasligi uchun nazorat ro‘yxatini tuzdik.
Kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini ikki bosqichga bo‘lish mumkin:
- ma’lumotlarni dastlabki yig‘ish;
- davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi.
Ma’lumotlarni dastlabki yig‘ish
Faoliyatni tanlash
Tadbirkorlik faoliyati uchun qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan har qanday faoliyat turiga yo‘l qo‘yiladi. Ammo ularning ba’zilari litsenziya va ruxsatnomalarni talab qiladi. Masalan, kasb-hunar ta’limi xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniya ochish uchun litsenziya, ommaviy tadbirlar o‘tkazish uchun esa ruxsatnoma olish kerak. Batafsil bu yerda o‘qish mumkin.
Huquqiy-tashkiliy shaklni tanlash
Eng dolzarb tashkiliy-huquqiy shakllar — bu o‘zini o‘zi band qilganlik, yakka tartibdagi tadbirkorlik (YaTT) va mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ).
Ro‘yxatdan o‘tishdan oldin har bir shaklning barcha ijobiy va salbiy tomonlari bilan tanishish kerak. Masalan, yakka tartibdagi tadbirkor xodimlarni yollay olmaydi va agar siz sherik bilan biznes ochishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, u holda YaTT mos kelmaydi.
Faoliyat turi shaklni tanlashga ham ta’sir qilishi mumkin, o‘zini o‘zi band qilganlik, YaTT uchun cheklangan faoliyat ro‘yxati taqdim etiladi. Bu haqda ko‘proq ma’lumotni bu yerdan va bu yerda olish mumkin.
Misol uchun, hozirda ijtimoiy tarmoqlar faol rivojlanmoqda, shu sabab internet-marketolog, kopirayter, targetolog kabi kasblar talabgir hisoblanadi. Agar siz mustaqil ravishda ishlasangiz, o‘zini o‘zi band qilganlikni ochish ancha foydali: minimal soliqlar va hisobot.
Ehtimol, sizda 2−3 kishidan iborat kichik jamoa bor bo‘lib, jismoniy shaxslarda ta’mirlash ishlarini amalga oshiryapsiz, bu holda yakka tartibdagi tadbirkorlik shakli mos keladi. Negaki buyurtmalar har doim ham barqaror emas va YaTTning texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari (buxgalteriya xizmatlari, soliqlar, ijara to‘lovlari va boshqalar) MChJga qaraganda ancha past.
Soliq tizimini tanlash
Kichik biznes uchun soliqqa tortish tizimini tanlash imkoniyati mavjud: umumbelgilangan yoki soddalashtirilgan. Faoliyat turiga qarab, ikkalasi ham kompaniya uchun foydali bo‘lishi mumkin. Hisob-kitoblarni amalga oshirish va ular asosida qaror qabul qilish kerak. (Bu haqda keyingi maqolada batafsil so‘z yuritamiz)
Ta’sis hujjatlarini tayyorlash
MChJ uchun ta’sis hujjatlarining standart to‘plami o’z ichiga ustav va ta’sis shartnomasini oladi. Ustav jamiyat faoliyatining asosiy shartlari — faoliyat turlari, ustav fondi hajmi, jamiyat ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
Ta’sis shartnomasi muassislarning birgalikdagi faoliyati, foydani taqsimlash, ta’sischilarning kirish va chiqish shartlarini belgilaydi.
“Mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida"gi qonunda ustav va ta’sis shartnomasining asosiy qoidalari tasdiqlandi, ta’sischilar ustav va ta’sis shartnomasiga mustaqil ravishda alohida kelishuv va shartlar kiritishi mumkin.
E’tibor qarating, ta’sis hujjatlari va ustav fondi MChJni ochgandagina kerak bo‘ladi. YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlik uchun ta’sis hujjatlari va ustav fondi taqdim etilmaydi.
Yuridik manzilni olish
Kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur shart — bu noturar joydagi yuridik manzildir. Yuridik manzil — ta’sis hujjatlarida ko‘rsatilgan kompaniya faoliyatini amalda amalga oshirish joyi hisoblanadi.
YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlik uchun standart yuridik manzil “propiska” bo‘yicha manzil hisoblanadi.
E’tibor qarating, yuridik manzilni o‘zgartirganda, kompaniya qayta ro‘yxatdan o‘tish tartibini amalga oshirishi shart.
Shuning uchun ro‘yxatdan o‘tishdan oldin bino egasidan ijara maydonini taqdim etish bo‘yicha kafolat xatini olishingizni tavsiya qilamiz.
Davlat ro‘yxatidan o‘tish
YaTT va MChJni ro‘yxatdan o‘tkazish
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartib-qoidalarini har qanday tuman Davlat xizmatlari markazlarida, shuningdek, davlat xizmatlari saytida onlayn ravishda o‘tish mumkin.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tish uchun elektron raqamli imzo (ERI) olish kerak. Shuningdek, uni har qanday tumandagi davlat xizmatlari markazida oflayn tarzda pasport va flesh-karta bilan borib olish mumkin. Shuningdek, ERI’ni E-imzo saytida onlayn tarzda olish mumkin.
ERIni olganingizdan va davlat xizmatlari veb-saytida ro‘yxatdan o‘tganingizdan so‘ng, bosqichma-bosqich ro‘yxatdan o‘tish jarayonini boshlashingiz mumkin. Bu juda oddiy, matnli ko‘rsatma mavjud.
Roʻyxatdan oʻtish toʻlovi:
- yakka tartibdagi tadbirkorlar va MChJlar uchun oflayn rejimda — 1 BHM (maqola chop etilgan vaqtda 300 ming so‘m)
- onlayn — BMHning 90%i (270 ming so‘m)
O‘zini o‘zi band qilganlarni ro‘yxatdan o‘tkazish. Buning uchun “Soliq” mobil ilovasi yoki my.soliq.uz veb-saytidagi shaxsiy kabinet orqali davlat soliq xizmati organlarida hisobga olinadi.
Ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji olinmaydi.
Dastlabki hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish
Kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazgandan so‘ng, dastlabki bir nechta hujjatlarni rasmiylashtirish kerak:
- yuridik shaxsning muhrini olish (YaTTlar va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun shart emas);
- direktorni yollash, ya’ni ta’sischilar yig‘ilishini o‘tkazish, direktorni tayinlash to‘g‘risida bayonnoma, buyruq tuzish (YaTTlar va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun shart emas, chunki ular o‘z bizneslarining vakillaridir);
- bank hisobini ochish.
Siz bitta yoki bir nechta bankda milliy va xorijiy valyutada hisob ochishingiz mumkin. Bankni tanlashda xizmat ko‘rsatish narxiga, kredit siyosatiga va xizmat ko‘rsatishning umumiy darajasiga e’tibor bering.
Barcha 7 bosqichni 1−2 kun ichida bajarish mumkin.