Amerikalik tadbirkor Ilon Mask “Bloomberg” talqini bo‘yicha dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida yana birinchi o‘rinni egalladi.
Qayd etilishicha, “Tesla” va “SpaceX” kompaniyalari rahbarining boyligi $187,1 mlrdga baholanmoqda.
Agentlik buni “Tesla” aksiyalari qiymatining yil boshidan deyarli 70%ga oshgani bilan izohlamoqda.
Shuningdek, kompaniya arzon narxlarda elektr transport vositalarini sotish ko‘rsatkichlarini yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi.
Ikkinchi o‘rinda “Louis Vuitton Moet Hennessy” (LVMH) rahbari va egasi Bernard Arno, uning boyligi $185 mlrdga baholangan.
2022-yil dekabrida “Forbes” jurnali tomonidan tuzilgan yangi “Real Time Billionaires” reytingiga ko‘ra, Ilon Mask eng boy odamlar reytingida birinchi o‘rinni boy bergandi.
Kuchli uchlikni “Amazon” asoschisi Jeff Bezos $117 mlrd boyligi bilan yakunladi.
To‘rtinchi o‘rinda “Microsoft” asoschisi Bill Geyts, “Berkshire Hathaway” investitsiya xoldingi bosh direktori Uorren Baffet beshinchi o‘rinda turibdi.
Yanvar oyida Ilon Mask shaxsiy boyligini yo‘qotish bo‘yicha “Ginness rekordlari kitobi"ga kiritilgandi.
Qayd etilishicha, 2022-yilda Maskning boyligi rekord darajada, ya’ni $200 mlrdga kamaygan.
“Maskning umumiy yo‘qotishlari 2000-yilda yapon texnologiya investori Masayoshi Son tomonidan o‘rnatilgan $58,6 mlrdlik rekorddan ancha oshib ketdi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, yil davomida tadbirkor kapitalining asosini tashkil etuvchi “Tesla” aksiyalari 65%ga tushgan.
Asosiy pasayish Maskning “Twitter"ni sotib olishni e’lon qilinganidan keyin sodir bo‘lgan.