Avvalroq, prezident qarori bilan, ijtimoiy soha, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning bino va inshootlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha MCHJ shaklidagi “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etilgandi.
Qayd etilishicha, mazkur kompaniyaga dastlabki $10 mln yo‘naltirilgan. Bu haqda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish bo‘yicha prezident yig‘ilishida ta’kidlandi.
Dasturga asosan, joriy yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1 ming 700 Megavatt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Xususan, ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida 220 Megavatt, tadbirkorlar tomonidan 1 ming 300 Megavatt va yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar tomida 15 Megavatt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilishi aytildi.
Bu borada Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Navoiy va Samarqandda faol ishlar boshlangan.
Yig‘ilishda quyidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi:
- aholini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash;
- iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish;
- gaz sarfi yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish quvvatlarini ko‘mirga o‘tkazish;
- geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish;
- mavjud uglevodorod xomashyosi konlarini rivojlantirish va yangilarini o‘zlashtirish.
O‘zbekistonda yashil energiya
O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda energetika sohasiga $8 mlrd.lik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilindi.
Xususan, Navoiy va Samarqand viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu yil 18 ta shunday stansiyalar barpo etilmoqda. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50%ga ko‘payishi mumkin.
2022-yili BAAning “Masdar” kompaniyasi Zarafshon shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyihani moliyalashtirish bitimini imzolagandi.
Bu kompaniyaning O‘zbekistondagi ikkinchi loyihasi bo‘lib, birinchisi Navoiy viloyatining Karmana tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi loyihasi hisoblanadi, u 2021-yilda ishga tushirilgan.
O‘zbekistonda uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘oliblari aniqlanib, Buxoroda BAAning “Masdar” kompaniyasi, Namanganda Xitoyning “GD Power — Powerchina” konsorsiumi, Xorazmda esa Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi stansiya qurishi ma’lum bo‘ldi.
Turkiyaning “Alarko holding Altek” kompaniyasi Farg‘onada quyosh fotoelektr stansiyasini qurishga qiziqish bildirmoqda.
Shuningdek, Xitoyning “CEEC Energy China” kompaniyasi Qashqadaryo, Buxoro va Samarqandda, “Huaneng renewables Corporation” va “Poly Technologies” kompaniyalari esa Jizzax va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVtga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Prezident qarori bilan, 2023-yilda umumiy quvvati 4 300 MVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushiriladi. Xususan:
- 2 100 MVt — yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari;
- 1 200 MVt — ijtimoiy soha, xo‘jalik bino va inshootlari hamda xonadonlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari;
- 550 MVt — tadbirkorlar tomonidan barpo etiladigan kichik fotoelektr stansiyalari.
Bundan tashqari, jami 11 mingta tadbirkorning bino va inshootlarida quyosh panellari o‘rnatiladi hamda kichik fotoelektr stansiyalari quriladi.
37 ming aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatilib, foydalanishga topshiriladigan 765 ta ko‘p qavatli uylar qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlanadi.
Hududlarda 103 ta kichik va mikro gidroelektrstansiyalar barpo etiladi va 5 407 ta ijtimoiy soha obyektlari ko‘mir bilan isitiladi.
1-apreldan respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi.
1-martdan yagona elektr energetika tizimiga ulanish uchun berilgan texnik shartlarda ko‘rsatilgan quvvatdan yuqori bo‘lmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda qo‘shimcha texnik shart olish talab etilmaydi.
Tadbirkorlar va xorijiy investorlar qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat organi va hududiy elektr tarmoqlariga o‘rnatilgan tariflarda, boshqa iste’molchilarga o‘zaro kelishilgan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan, shu jumladan, uzoq muddatli shartnomalar asosida sotishi mumin bo‘ladi.
Shuningdek, boshqa shaxslarga tegishli obyektlarda ijara huquqi asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatib, ushbu qurilmalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotish imkoniyati yaratiladi.
Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan 1-martdan “yashil energiya” bank moliya produkti amalga kiritiladi.
1-maydan esa foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylar tomlari bo‘sh qismining kamida 50%ida quyosh panellarini o‘rnatish talabi joriy qilinadi.
Shu bilan birga, yangi tashkil etiladigan issiqxona xo‘jaliklari hamda sement, g‘isht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi.
Mamlakatdagi barcha yoqilg‘i (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi ta’minotining kamida 50%i ularda o‘rnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi.
Avvalroq, prezident Toshkentni energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha bir qancha vazifalar berib, poytaxtda qayta tiklanuvchi energiya tizimini joriy qilish uchun $1 mlrd yo‘naltirish hamda elektr energiyasining har bir kilovatini davlatga 1 ming so‘mdan sotish kabi ko‘rsatmalarni bergandi.