“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi neft va gaz binolarida jami 1985 kVtli quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatiladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi tasarrufidagi boshqarmalar, korxonalar va neft bazalarning ma’muriy binolarida quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatilmoqda.
O‘tgan yili kompaniya boshqaruv apparati binolariga 170 kVt, jamiyat tasarrufidagi korxona va boshqarmalarning ma’muriy binolariga 211 kVt va neft bazalarda 95 kVt bo‘lgan jami 476 kVt quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatilgan.
Joriy yil so‘nggiga qadar respublikaning turli hududlarida joylashgan “O‘zbekneftgaz"ning barcha korxona va tashkilotlari binolarini ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari bilan ta’minlash belgilangan.
Hozir kompaniya tasarrufidagi quyidagi binolarda jami 1985 kVt Quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda:
- Muborak gazni qayta ishlash zavodida — 600 kVt;
- Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida — 540 kVt;
- Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida — 65 kVt;
- Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida — 50 kVt;
- Buxoro neftni qayta ishlash zavodida — 550 kVt;
- Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida — 150 kVt;
- “O‘zneftgazquduqta'mirlash"da — 5 kVt;
- Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasida — 25 kVt.
Bundan tashqari jamiyat tassarrufidagi neft bazalar va yoqilg‘i quyish shoxobchalarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish masalalari o‘rganib chiqildi.
Birinchi yarim yillikda ularda quvvati 420 kVt bo‘lgan 22 komplekt quyosh fotoelektrik stansiya, umumiy hajmi 3 800 litr bo‘lgan 24 komplekt quyosh suv qizdirgich va umumiy quvvati 79 kVt bo‘lgan 520 dona quyosh panelli yoritkichlari o‘rnatiladi.
Natijada 2 619,7 ming kVt-soat elektr energiyasi yoki 2,095 mlrd so‘m pul mablag‘lari iqtisod qilinishi belgilangan.
Avvalroq, Yaponiyaning “Yokogawa electric corporation” kompaniyasi “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi boshqarma va zavodlar faoliyatini raqamlashtirishga qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgandi.