“Uzum Market” hamda “AliExpress” kompaniyalari O‘zbekistonda logistika bo‘yicha hamkorlik qiladi. Bu haqda “Uzum Market” matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, kompaniyalar sinov tariqasida yetkazib berish jarayonini amalga oshirib, “Ali Express” foydalanuvchilariga jo‘natmalar “Uzum” buyurtmalarni berish punktlari orqali tarqatiladi.
Sinov bosqichida foydalanuvchilarning bir qismi tovarlarni pochta bo‘linmalaridan emas, balki O‘zbekistonning 28ta shahridagi 80 ta “Uzum” buyurtmalarni berish punktlaridan olishi mumkin.
Buyurtmachilarga xabar yetkazish uchun ular bilan “Uzum Market"ning qo‘llab-quvvatlash xizmati xodimlari bog‘lanishadi. Rad javobi tushgan hollarda, buyurtma pochtaga yuboriladi.
Bunda “AliExpress"dan buyurtmani olish uchun joylarda SMS orqali kelgan raqam talab etiladi.
Sinov yakunlangach, barcha “Uzum” BBPlari “AliExpress” ilovasidagi xaritada tanlash uchun ochiq bo‘ladi.
Mazkur integratsiya ikkita servis faoliyatini o‘zbekistonlik xaridorlar uchun qulaylashtiradi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Avvalroq, “Kapitalbank"ning “Uzum” xoldingi tarkibiga kirishi ma’lum bo‘lgandi. Aksiyadorlar tarkibidagi o‘zgarishlardan so‘ng bankning “Uzum” guruhining turli xizmatlari bilan hamkorligi boshlanishi ta’kidlanmoqda.