2022-yilning oktabr oyida “China Southern Airlines” kompaniyasi Urumchi va Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘ygandi.
“Uzbekistan Airports” matbuot xizmatining xabar berishicha, aviakompaniya Pekin va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam qatnovlarni tiklamoqda.
Unga ko‘ra, birinchi yo‘lovchi reysi 26-martga mo‘ljallangan. Parvozlar Airbus A330−200 samolyotlarida haftasiga ikki marta — dushanba va juma kunlari amalga oshiriladi.
Ayni paytda aviatashuvchi ham haftada bir marta, chorshanba kunlari Urumchi-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda.
“China Southern Airlines” — Xitoyning Guandun viloyati, Guanchjou shahrida joylashgan aviakompaniya, mahalliy, mintaqaviy va xalqaro reyslarni amalga oshiradi.
8-yanvardan boshlab Xitoy hukumati COVID-19 uchun kelganlarni majburiy sinovdan o‘tkazishni bekor qildi va ketishdan oldin faqat PCR test sertifikati talabini qoldirdi.
10-yanvar kuni “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi pandemiya boshlanganidan beri Toshkentdan Pekinga birinchi reysni amalga oshirdi. 10-fevraldan esa Xitoyning “Loong Air” aviakompaniyasi Siyan-Toshkent-Siyan yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni boshlashi ma’lum qilingandi.