“Tashkent City Mall” savdo markazida “Hamdizade” qandolat do‘konlar tarmog‘i filialini ochishni rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi savdo markazi Instagram’dagi sahifasida.
“Hamdizade” 1925-yilda Turkiyada tashkil etilgan va dastlab ichimliklar ishlab chiqarish bilan shug’ullangan. Keyin u muzqaymoq ishlab chiqarishni yo’lga qo’ydi va keyinchalik taklif qilinadigan shirinliklar assortimentini kengaytirdi.
Bugungi kunda Hamdizade tomonidan taqdim etilayotgan shirinliklar assortimenti paxlava, katmer, kadaif, kunafa, pista yog’i, shokolad kabi desertlarni o‘z ichiga oladi.
Kompaniyaning asosiy ishlab chiqarishi Qahramanmarash shahrida joylashgan.
“Hamdizade” Instagram sahifasida kompaniyaning tez orada O‘zbekiston bozoriga chiqish rejalari haqida ham xabar berilgan.
Avvalroq “Subway” tez ovqatlanish restoranlari tarmogʻi Toshkentda restoran ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, restoran yangi qurilayotgan “Tashkent City Mall” savdo-koʻngilochar markazida joylashadi.
Bu boʻyicha “Tashkent City Mall"da Saudiyaning “Cenomi Retail” kompaniyasi vakillari uchrashuv boʻlib o‘tdi.
“Subway” — bu franshiza tamoyili asosida ishlaydigan tez ovqatlanish restoranlari tarmogʻi. 2017-yil holatiga koʻra, u 110 mamlakatda 44 mingdan ortiq restoranni oʻz ichiga olgan.
Asosiy sotiladigan mahsulotlari — submarin-sendvichlaridir. Bu miijozning oldida tayyorlanadigan choʻzilgan sendvichlar. Tarmoqning xususiyatlaridan biri — mijoz ingredientlarni tanlaydi, oshpaz ulardan sendvich yigʻadi.
Shuningdek, “Cenomi Retail” kompaniyasi vakillari savdo markazida “Cinnabon” kafe-nonvoyxonasi uchun joyni koʻzdan kechirdi.
Fevral oyi boshida “Cinnabon” O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
“Cenomi Retail” — sobiq “Alhokair Fashion Retail” chakana savdo kompaniyasi. 1990-yilda asos solingan. Hozirda kompaniya 13 mamlakatdagi 100 ta savdo markazlarida 1842 ta doʻkonga egalik qiladi.
Avvalroq Rossiyaning “Vkusno — i Tochka” fastfud restoranlari tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishi mumkinligi haqida ma’lum qilingandi.
Keyinchalik mazkur fastfud restoranlari tarmog‘i tovar belgisini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Shuningdek, Fransiyaning “Groupe Casino” kompaniyasi O‘zbekistonda do‘konlar ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Kompaniya giper, super va mini-marketlar, chegirmali hamda ulgurji do‘konlar tarmog‘iga egalik qiladi.