“Radisson Hotel Group” Markaziy Osiyoda birinchi premium mehmonxona ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Spot"ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
“Radisson” kompaniyasi “Metropol Group” bilan Toshkentda “Radisson Collection” brendi ostidagi premium toifadagi mehmonxona ochish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Mehmonxonani foydalanishga topshirish 2026-yilga mo‘ljallangan.
Majmua bir xil meʼmoriy uslubda qurilgan toʻrtta binodan iborat boʻladi. Binolarning umumiy maydoni 130 ming kvadrat metrni tashkil qiladi.
Unda jamoat joylari, savdo maydonchalari, kinoteatr, ofislar, kvartiralar va ko’p qavatli avtoturargohlar joylashadi.
Mehmonxonaning o‘zi markaziy 22 qavatli binoda joylashgan bo‘lib, unda 164 ta xona, jumladan, prezidentlik xonalari va xonadonlar mehmonlar uchun mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, mehmonxonada restoran, lobbi bar, VIP zalga ega executive lounge, suzish havzalari bo‘lgan spa, yer osti avtoturargohi, 19-qavatda terassali “sky bar”, shuningdek, konferensiya va majlislar zallari bo‘ladi.
Mehmonxona poytaxtning Sayilgo‘x ko‘chasida, Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq binosi o‘rnida bo‘lishi rejalashtirilgan. “Metropol Group” 2021-yil iyun oyida binono 210 mlrd so‘mga sotib oldi.
Avvalroq “Spot” Vertical Hospitality mehmonxonalar tarmog‘i O‘zbekistonda mehmonxona ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.