2022-yilning 1-oktabridan Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasining raqamli onlayn platformasi ishga tushirildi.

U orqali iste’molchilar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini 3 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilishlari mumkin.

Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari narxini to‘liq to‘lagan iste’molchining xarid xarajatlari qisman jamg‘arma hisobidan qoplanadi.

Noyabr oyida Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida o‘zini-o‘zi energiya resurslari bilan to‘liq ta’minlaydigan xonadon barpo etildi. Mazkur uyga 15 kVt quvvatga teng quyosh panellari hamda 500 litrli quyosh suv isitish qurilmasi o‘rnatilgan.

Energetika vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Chilonzor tumani, 3-Charx Kamolon mahallasidagi 20 dan ortiq xonadon egalari quyosh panellarini o‘rnatmoqda.

Xususan, aholi onlayn platforma orqali buyurtma berib, qurilmalarni 3 yil muddatga foizsiz bo‘lib to‘lash yo‘li bilan xarid qilgan.

1-apreldan respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi.

Dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran 3 yil muddatga, o‘rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25%dan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa — 10 yil muddatga quyidagilarni to‘lashdan ozod etiladi:

  • ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘ini;
  • qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini;
  • yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini.

37 ming aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatilib, foydalanishga topshiriladigan 765 ta ko‘p qavatli uylar qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlanadi.

Platforma orqali quyosh panellarini xarid qilish istagida bo‘lgan aholi marketpleysdan foydalanish uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak.

Shundan so‘ng xarid qilish uchun ariza topshirish mumkin bo‘ladi.


Avvalroq, prezident qarori bilan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etilgandi. Qayd etilishicha, mazkur kompaniyaga dastlabki $10 mln yo‘naltirilgan.