Avvalroq, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi 2023-yilgi davlat dasturi bo‘yicha prezident farmoni loyihasini muhokamaga qo‘ygandi.
Ma’lum qilinishicha, muhokamalardan keyin mazkur farmon qabul qilindi. “Spot” undagi muhim topshiriq va vazifalarni bir joyga jamladi.
Hujjat bilan, davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 300 taga, Yagona portal orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni esa 570 taga yetkaziladi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi bo‘lganlar, og‘ir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlari doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini proaktiv tarzda ya’ni fuqaro murojaatini kutmasdan, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘z tashabbusi bilan taklifini yuborish yo‘lga qo‘yiladi.
1-sentabrdan aholi va tadbirkorlarga subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlar yagona elektron platformaga o‘tkaziladi.
2024-yildan boshlab pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytiriladi.
Joriy yil 1-apreldan nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi.
“Yangi O‘zbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 1,6 baravarga oshirilib, 90 mingga yetkaziladi.
Bunda, uy-joy hamda ijtimoiy va savdo binolarini loyihalashtirish va qurishda avtotransport vositalarining turargohlari, ko‘p qavatli va yerosti avtoturargohlar majburiy ravishda barpo etiladi.
32 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, 11 ming nafar fuqaroga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun davlat budjetidan yetarli mablag‘lar yo‘naltiriladi.
Xalqaro va mahalliy fond birjalarida “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi"ning ipoteka obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish uchun kompaniyaning ustav fondi $100 mln ekvivalentiga yetkaziladi.
1-apreldan davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherik tomonidan ushbu binoning mazkur loyiha uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yilishiga oid cheklovlar bekor qilinadi.
2023/2024 o‘quv yilidan respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, davlat grantlari kollej va texnikumlarning dual ta’lim shakli bo‘yicha ham ajratiladi.
1-apreldan professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalarni berish bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkaziladi.
Bu bo‘yicha, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida — 1-iyuldan boshlab, Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida — 1-oktabrdan boshlab, respublikaning boshqa hududlarida — 2024 yildan boshlab elektron shaklga o‘tkaziladi.
2024-yildan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalarni qog‘oz shaklda talab qilish taqiqlanadi.
1-apreldan O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma amal qilish muddati davomida chet el fuqarolari xorijdan olib kelingan shaxsiy avtotransport vositasini olib chiqib ketish muddatini uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborganda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan yig‘imni to‘lashdan ozod etiladi.
Tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish maqsadida 1-iyuldan tadbirkorlarga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga uch yillik moratoriy o‘rnatiladi.
1-apreldan Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi.
1-dekabrdan boshlab transport vositasining egasiga transport vositasini boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni (ishonchnoma va boshqalar) taqdim etgan holda, davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini transport vositasini boshqarish huquqini o‘tkazganligi haqida xabardor qilish huquqi beriladi.