“Uzbekistan Airways” kompaniyasi joriy yilning 18-martidan 22-martigacha barcha aviaqatnovlarga 21% chegirma e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur chegirma mamlakat bo‘ylab parvozlarning ekonom va biznes klass chiptalariga amal qiladi.

Chegirma shartlari quyidagicha:

  • chegirmalarni birlashtirish (bolalarniki bundan mustasno) taqiqlanadi;
  • 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun (INF) amal qilmaydi;
  • 2 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 25% bolalar chegirmasiga qo‘shimcha ravishda 21% chegirma taqdim etiladi;
  • aviachipta qaytarilganda, qayta bronlashtirilganda yoki qayta rasmiylashtirilganda tarifga taqdim etilgan chegirma aviachiptani qaytarish yoki qayta bronlashtirish uchun undiriladigan yig‘imlarga nisbatan qo‘llanilmaydi, bolalar uchun belgilangan tartibda (25% chegirma bilan) undiriladi.

Shuningdek, qisman foydalanilgan aviachipta pulini chegirma tugagandan keyingi kunda qaytarmoqchi bo‘lgan yo‘lovchi chegirma amal qilgan kunda sotib olgan miqdorda qaytarib oladi.

To‘liq foydalanilmagan yoki qisman foydalanilgan aviachiptalarni qayta rasmiylashtirganda, agar jo‘nash sanalaridan biri chegirma tugagan vaqtdan keyinga to‘g‘ri kelmasa, to‘liq tarif darajasiga chegirmalar qo‘llanilmaydi.

Ularni kompaniya sayti va mobil ilovasidan, “Uzbekistan Airways Sales” filiali, agentliklardan va aviakompaniyaning xorijdagi vakolatxonalari orqali xarid qilish mumkin.

Batafsil ma’lumot bu yerda.