O‘zbekistonliklar Litvaga qurilish sohasiga ishga jalb qilinishi mumkin. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha agentlik va Litvaning qurilish sohasidagi kompaniyalaridan biri rahbariyati o‘rtasida uchrashuv tashkil etilgan.

Unda O‘zbekistonning mehnat migratsiyasi sohasidagi salohiyati, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda mazkur sohada ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, kompaniya vakillari tomonidan Litvaga qurilish sohasiga O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish istagi bildirilib, bu borada hamkorlik qilishga tayyor ekanligi ma’lum qilindi.

Uchrashuv yakunida, mazkur kompaniya va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha bitim loyihasini ishlab chiqish va imzolashga kelishildi.

Avvalroq, Germaniyaning “Europa-Park” kompaniyasi o‘zbekistonliklarni turizm sohasida ishga taklif qilayotgani haqida xabar berilgandi.