Mamlakatda iste’mol kreditlariga talab ortib borayotgani bilan birga amaldagi qonunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovarlarga iste’mol krediti berish cheklangan.
2022-yilning sentabr oyida esa “Iste'mol krediti to‘g‘risida"gi qonunning 15-moddasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi e’lon qilingandi. Unda aynan, mana shu cheklovni olib tashlash ilgari surilgan.
Yanvar oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mazkur qonunning 15-moddasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Hujjat bilan, qonunga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan, shuningdek, O‘zbekistondan tashqarida ishlab chiqarilgan tovarlar uchun moliyaviy iste’mol kreditlari berish imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida bu o‘zgartirishlar ko‘rib chiqildi hamda bu bo‘yicha tegishli qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Qonun bilan iste’molchi moliyaviy iste’mol krediti olish to‘g‘risida iste’mol tovarlarini (xizmatlarini) ishlab chiqaruvchi korxonani yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotni oldindan yozma shaklda xabardor qilish tartibi bekor qilinmoqda.
Hujjat qabul qilinishi orqali aholi iste’mol kreditlarini rasmiylashtirishda yengiliklar hamda mamlakatda mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish hajmi oshishi ta’kidlanmoqda.
O‘zbekiston banklaridagi iste’mol kreditlarining foiz stavkalari va muddatlari haqida bu yerdan ma’lumot olish mumkin.
Mavjud 32 ta bankdan 17 tasida iste’mol kreditlarini olish mumkin bo‘lib, kreditning maksimal miqdori 200 mln so‘mni, minimal foiz stavkasi 23%ni tashkil qiladi.